Shoh, vazirlar va’dasiga berma ko‘ngil, ey jigar,
Kim bilur — qay yo‘l bilan bo‘lgay kushod ish oxiri?
Bor — tavakkal qil: qalamdan to‘kilur har bir zamon
Yangi naqshu yangi rang, ammo qayon oning siri?!
Mening she’rim gulqand erur,
Novvot emas, shahdu asal.
Kimning og‘zi novvotdan sho‘r,
Ayb etma, kim qanddan o‘sal.
G‘avg‘o tushar boshiga, kim
Zulol suvdan bo‘lsa kasal.
Kim onadan tug‘mish basir,
Ko‘nglin ololgay qay go‘zal?
Bulbul aylar nola-yu, gul xanda qilgay har zamon,
Ne uchun dil kuymasin dildori otash tashlagach?
Chakmani jun zohidu shayxdan yetar noxushlik,
Men g‘ulomi mutrib o‘ldim savti beg‘ash tashlagach.
Zohido, qilma hazar mujgoni tiyridan hecham,
Zaxmi pinhondir oni qoshi kamonkash tashlagach.
Yaxshi-yomonni sen o‘zingdan so‘ra,
Muhtasib, boshqadan so‘ramak nechun?
Yomondan uzoqlash, yaxshiga yondash,
Behuda o‘tmasin umring tunu kun.
Bilasan, rizqimiz beruvchi — Xudo,
Sen tama’ ketidan bo‘lma ko‘p dilxun.
Mardumozordan it ham etar or,
Itdan pastroqda — kim mardumozor!
Haqiqat bu so‘z ichra muhayyo,
Dilga jo bo‘lsin undagi ma’no.
Odam-ku sen bilan bir dasturxonda,
It esa ko‘chada — sovuq, bo‘ronda.
Ming xayf, shul odamdan chiqadi dushman,
Ammo doim vafo ko‘rasan itdan!
To‘rt xil joyda — to‘rt gavharman, —
Dedi jomga la’lin sharob. —
Zumurradman tok ichinda,
Shisha ichra aqiq, noyob.
Xum ichinda Zuhro ersam,
Jom ichinda — yorqin oftob…
Ey pokiza, oliy zoting bo‘lsa hirsu adovatdan,
Ey toza dil, baxt asosing bo‘lsa yolg‘onu firib,
Ulug‘ nasab senga qanday ravo bo‘lsin, bu tab’ni
Devga tortiq etgan bo‘lsa, hatto paridan olib.
Madrasalar saroyi, toqu ravoq, ilmu bahs,
Dili dono bo‘lmasa, foyda keltira olmas.
Fazilatning manbai bo‘lsa ham qozixona,
Ko‘zi bino bo‘lmasa, foyda keltira olmas.
Ey odam, falakdan erkinlik, shodlik,
Xurramlik, aysh-ishrat istasang agar,
Molu hashamatu mansab fikrin qo‘y,
Boridan kech — faqat talab et sog‘ar!
Jahon moli ketidan yugurgandim bir zamon
Oxiri tushundimki, foydasidan ko‘p zarar.
Falak menga ne bersa, o‘lponini undirdi,
Faryod qilganim bilan yoshlik o‘tdi sarosar.
Umr o‘tib ketmoqda — molu mulk to‘xtatolmas,
Umr anduhi bul kun barcha alamdan battar.
Endi bir nafas umrim ikki jahon moliga —
Alishmayman, qo‘sh jahon nazarimda muxtasar.
Vayrona dilim ichra hunarimdir xazinam,
Dilim daryo bo‘lsa gar — ostu ust to‘liq gavhar.
Bundan keyin boshingga ne ish tutsa ham, Hofiz,
G‘am yemayin shod yasha — jahon o‘tkinchi, o‘tar!
Shoislom Shomuhamedov tarjimalari