RUBOIYLAR

1

Jonon bu kechani men bilan o‘tkazdi,

Bu baxtni menga Xudo o‘zi yetkazdi.

O‘lim g‘ami yo‘q endi menga, chunki sanam

Jonbaxsh labidan obi hayot tutqazdi.

2

Ul sham’i Chigil dardini aytib bo‘lmas,

Kuygan bu ko‘ngil dardini aytib bo‘lmas.

Andin yuragimda g‘amki, yo‘q mahrami roz,

Har kimsaga dil dardini aytib bo‘lmas!

3

Bir lahza labingni olmagil jom labidan,

To topsa jahon komini dil jom labidan.

Omuxta jahon jomida achchig‘u shirin,

Bul yor labidan yetga-yu, ul jom labidan.

4

Dushmanning jafosidan mudom qoch, ey do‘st!

Yaxpsh kishilarga quchog‘ing och, ey do‘st!

Odam sanama, qo‘lingni yuv nokasdan,

Mehring xunar ahli boshidan soch, ey do‘st!

5

Bir mohki, qadi sarvga mengzar, oyo,

Ko‘zgu qo‘lida — o‘ziga bergay oro.

Der menga kulib ro‘molcha peshkash etsam:

«Vaslim tiladingmi? Xom xayoling, ammo!»

6

Men bandasi ul kimsanikim, shavqi baland!

Gar bo‘ynida tavqi[1] ishq, abas, mavqe baland!

Oshiqlshu ishq kayfini sen ne bilasan,

Bul bodani ul kimsa ichar — zavqi baland!

7

Turk chehrali ul farishta jon qasdi edi,

Ko‘zdan yashirin hur kabi bo‘y-basti edi,

Tor bo‘lmasa muncha og‘zing — yuqdek-ku, desam,

Kuymang-da qilib tama’i xom asti, dedi.

8

Ey baxt, faqirga qani bir yor bo‘lsang,

Majruhi zamon — dilga madadkor bo‘lsang.

Yoshlik-ku chiqib ketdi jilovdek qo‘ldan,

Keksalik uzangi kabi poydor bo‘lsang…

9

Dam urdi vafodan kim — u dupgman bo‘ldi,

Pok kimsa uchun fosiqlik fan bo‘ldi.

Tunni dedilar homilador, hayronman:

Er ko‘rmay u ikkiqat kimdan bo‘ldi?!

10

Yor zulfi panohida suman topdi rivoj,

Yoqut labidan durri Adan topdi rivoj.

Dillarga rivoj bersa labidek koshki,

Dunyo-da uning ishqi bilan topdi rivoj!

11

Sho‘xlikdami, bizning o‘sha dilbar toqdir,

Bechora dilim visoliga mushtoqdir.

O‘ymoq kabi — og‘zi, yuzi — lola, tani — siym,

Shirinso‘zu boz latifu siyminsoqdir[2].

12

Do‘st birla o‘tir hamda mayu jom ista,

Shod etsin o‘pich berib gulandom, ista.

Xohlaydi jarohatin botishin majruh.

Jarrohga kelib, darding uchun kom ista.

13

Bo‘lsa edi bir sho‘x sanamu barbatu[3] nay,

Xilvat va farog‘at, yana bir shishada may,

Maydan qizibon tandagi bor tomiru pay,

Bir arpa umid qilmas edik, Hotami Tay!

14

Kel, qo‘lda tutib qilguchi shod bodai nob,

Kel, sifla[4] raqibdan yashirin hamda shitob.

Dushman so‘ziga kirma sira, ketma, o‘tir,

Kel, tingla bu nuktani-yu, no‘sh ayla sharob!

15

Bog‘ ichra bo‘lib bodi sabo doyai gul,

Mashshota[5] misoli yasatib poyai gul,

Gar soya aro topsa omonlik oftob,

Bas, ista quyosh yuzlini-yu, soyai gul.

16

Ul jomki, safo gulshani — tut ilkimga,

Yor timsoli sog‘ar — ani tut ilkimga.

Zanjir kabi ul may o‘ralar o‘z-o‘ziga,

Devonasi bo‘ldim, qani, tut ilkimga!

17

Hargiz meni yod aylamading, sham’i Chigil,

Mushkul esa-da bu men uchun — ko‘ndi ko‘ngil.

Dardeki, g‘amingdan yuragimda qat-qat,

Dil bilga-yu men bilgum, men bilgum-u dil.

18

Sen — to‘lgan oy-u, senga quyosh banda emish,

To banda emish o‘shal — ravshan-da emish.

Bir chehraki, oftob nur emib shu’lasidan,

Oy ham ilibon yog‘du bilan sha’n-da emish.

19

Ul fasli yigitlikda sharob ko‘p sozdir,

Gul yuzlar ila bodai nob ko‘p sozdir.

Olam-ku xarob rabot erur boshdan-oyoq,

Bo‘lmoq bu xarob yerda xarob ko‘p sozdir.

20

Gar biz kabi sen ham asiri dom bo‘lasan,

Azbaski, xarobi bodayu jom bo‘lasan.

Dunyosiga o‘t qo‘yguchi oshiqlarmiz,

Biz birla o‘tirma sira — badnom bo‘lasan!

21

Kim ko‘rdi u yordan vafo — men ko‘raman?

Kim ko‘rdi jafodan safo — men ko‘raman?

Umrimsan-u, ammo bevafosan, ne kilay,

Kim ko‘rdi umrdan vafo — men ko‘raman?

22

Zulfingning uchi kabi mening qaddim xam,

Oshufta dilim labingni istar har dam.

Pista kabi tang labing — dilimning rizqi,

Holimning tangligi ayon shundan ham.

23

Sendan meni bu falak ayirgandan buyon,

Kim ko‘rdi labimda bir tabassumni, qachon?

Har qanchaki hijron g‘ami bor ko‘nglimda —

Bir men bilaman hamda Xudovandi jahon!

24

Hajring o‘gida sham’ kabi afzun yig‘lay,

Jomdek to‘kayin-u ashki gulgun, yig‘lay,

May jomiga o‘xshayman-u, diltanglikdan

Chang nolasini tinglar ekan, xun yig‘lay…

25

To tonggacha yummadim g‘aming ichra ko‘zim,

To tonggacha yosh to‘kdim — ko‘p dilda so‘zim.

Dardingni birovga sira aytib bo‘lmas,

To tonggacha gaplashdim o‘zim birla o‘zim.

26

Bu so‘zi shirinlar ahdiga yo‘q poyon,

Oriflar ular yo‘lida bergaylar jon.

Ma’shuqa hamisha ixtiyoringda bo‘lar,

Ishqbozlar aro bo‘lmasa noming doston.

27

Hijron kuni bu — do‘stlarni yod aylagali,

Aysh vaqti emas ko‘ngilni shod aylagali.

May jomi qoshimda bo‘lsa-da hushyorman,

Bir do‘stim yuq, chunki nashot[6] aylagali.

28

Ishqing g‘amidan qon to‘la dil kishvarida,

Husning sening aql idrokidan tashqarida.

Zulfing ko‘yida zoru g‘aribdir bu dilim,

Oh, holi uning ne bu tun sendan narida?..

29

Ey, timqora zulfing quyoshga soya,

Go‘yoki niqob kulohing[7] yangi oya.

Shom bo‘lsa yalovbardor mushkin xatishta,

Tong chokar[8] sen kabi qamarsiymoya.

30

Jon zulfini halqasi aro istar joy,

Zeroki, balo bandini ochgay ul oy.

Yor qoshi uchun jonimni peshkash[9] qildim,

Ko‘rsatsa yuzin zora o‘shal qoshi yoy.

31

Gul so‘ylar edi: «Oyoq-qo‘lim bo‘lsaydi,

Qochib qutular edim — yulim bo‘lsaidi.

Aybim yug‘-u, shuncha kuydim, oh, yaxshi edi —

Aybim boridan ko‘ra o‘lim bo‘lsaydi…».

32

Sozdir necha dilni may bilan shod etsak,

O‘tgan bilan ketganni-da kam yod etsak

Ham bir yo‘la zindoniy omonat jonni

Bir lahza aql ilkidan ozod etsak…

33

Bul kecha g‘amingdan qon aro yotgumdir,

Ranj bistarida hijron aro yotgumdir.

Gar shubha etarsan, o‘z xayolingni yubor,

Ko‘rsin o‘sha ne afgon aro yotgumdir…

34

Gul g‘unchasi to bodaga hamroz[10] bo‘lgay,

May maylida nargis qadahsoz bo‘lgay.

Forig‘ dili ul kimsanikim misli hubob[11]

Mayxonaga yo‘l tutib, sarafroz bo‘lgay!

35

Na davlati dunyoni(ng) sitamga arzir,

Na lazzati mastlikni(ng) alamga arzir,

Na shodligi dunyoni necha ming yillik

Ul bir necha kun mehnatu g‘amga arzir.

36

Ulfatlar aro qay kuni dil qildi xitob:

Gul mavsumida tark etayin bodai nob.

Bulbul chaman ichra qichqirib berdi javob:

G‘ofil, bu nima — fasli gulu tarki sharob?!

37

Men haqdagi fikringni, sabo, so‘zla nihon,

Oz bo‘lsa-da ishq izhoriga mingta zabon,

Ohista so‘z och so‘z orasinda, toki

Sevgimni malol olmasin ul qoshi kamon.

38

Harchand firoq sendan uzoqqa solsin,

Sabrimni yuzing hajri dilimdan olsin,

Bir bor nazarim tushsa bo‘lak yuzga agar,

Husning tuzi haqqi, qo‘zlarim ko‘r bo‘lsin!

39

Ich bodanikim, mangu hayot shu asli!

Besh kun bu tiriklikda najot shu asli!

Gul mavsumiyu do‘stu yaqinlar sarmast,

Shod bo‘l, bu jahonda chin nashot shu asli!

40

O‘ldim bo‘sa birla quchog‘ing orzusida,

Uldim o‘sha jonbaxsh dudog‘ing orzusida.

Cho‘zib netaman qissani, bas, qisqa qilay:

O‘ldim, ya’ni boshdan-oyog‘ing orzusida!

41

Chehrangki, latofat ichra oyinai ruh,

Tonglarda xayoling qadami bersa shukuh.

Tortishga ko‘zimga qo‘rqaman kiprikdan:

Bo‘lmasmi xayolingning oyog‘i majruh?

42

Mazmuni bo‘lay, deding, xayol-o‘yingning,

Sabr ayla-yu, ko‘nglingni mudom tutgil keng.

Oh, sabr qani-yu, dil nima? Aslida dil —

Qondir o‘zi bir qatra-yu, andishasi ming.

43

Ko‘zingdan makru afsun yog‘iladi,

Vaj izlab jangga qahru kin yog‘iladi.

Ko‘ngling yana qoldi hamnafaslardan tez,

Berahm dilingdan tosh tayin yog‘iladi.

44

G‘am ichra misoli boda qaynab netasan?

G‘am lashkariga qarshi nechuk jang etasan?

Sabza kabi labdan bodani tutma uzoq,

Sabza bo‘yida may ich — behinpta yetasan!

45

Qar kun dilim og‘riydi bo‘lak qayg‘u bilan,

Har kun uradi ko‘zga firoq o‘zga tikan.

Men jahd etaman vale qazo qaytargay:

«Ish boshqa sen o‘ylagandan unda umuman!»

46

Suv ketdi tagiga umr vayronasining,

To‘lmoq g‘ami bosdi umr paymonasining.

Ey xoja, ko‘zingni och, zamon hammoli

Raxtini qo‘pormoqda umr xonasining…

47

Ey, tortinadi g‘unchai mastur sendan,

Hayronu xijil nargisi maxmur sendan.

Gul teng kela olmas senga, ul mohtobdan —

Gar yog‘du emar, oladi oy nur sendan.

48

Hech bir umidingni oqlamas charx — olchoq,

Har aylanishidan titra misli yaproq.

Deding: «Qoradan keyin bo‘lak rang bo‘lmas,

Bo‘ldi nega unda qora sochim oppoq?!»

49

G‘amdan o‘zga mening madadkorim yo‘q,

G‘amdan o‘zga ishq ichra ham yorim yo‘q.

Bas, topmadim o‘zga hamdamu hamrozni,

G‘amdan o‘zga do‘stu vafodorim yo‘q.

50

Maqsad yo‘lida umrni zoye’ qildim,

Naf’ ko‘rmaganimni bu zamondan bildim.

Har kimga degan esam seni do‘st tutdim,

Bo‘ldi o‘sha dushmanim — bag‘rini tildim…

51

Ey yor yuzi ishqi, meni ko‘p zor etma,

Dilxasta bu rind ahlini xummor etma.

Rasmini yo‘lovchilarning, so‘fiy, bilasan,

Rind ahli haqinda so‘zni bisyor etma.

52

Kelmaydi xayolimga o‘yingdan o‘zga,

Yo‘l borini bilmadim ko‘yingdan o‘zga.

Har diydaga uyqu yoqar, ammo mening

Ko‘zimga ko‘rinmaydi bo‘yingdan o‘zga.

53

To hukmi ilohiy bunda mangu bo‘lgay,

Hamrohing abad quvonchu kulgu bo‘lgay!

Qo‘lingdan agar men bir qadah no‘sh etsam,

Bas, mangu hayot sarmoyasi shu bo‘lgay!

54

May maydalab o‘ltirsa, na soz, suv bo‘yida,

Dunyo g‘amu tashvinshni qo‘y — behuda.

Gul umri kabi hayotimiz o‘n kundir,

Bil har damini uning g‘animat juda.

55

Shodlik qushining navolari kelmoqda,

Yo Bog‘i Eram havolari kelmoqda,

Yo yor labidan sabo xabar keltirmish,

Alqissa, ajib sadolari kelmoqda.

56

Avvalda vafo qildi tutib jomi visol,

Mast etdi-yu, hajr aro so‘ng otdi u hilol,

Har ikki ko‘zim yoshga, dil otashga to‘la,

Tuproq kabi jonim yulida bo‘ldi uvol…

57

Oftobdek ul oy yuzi munavvar bo‘ldi,

Xatti bo‘yida chashmai kavsar bo‘ldi.

Dillarni u soldi chohiga kulgichining,

Choh tegrasi butkul mushku anbar bo‘ldi.

58

Sepgan kabi yuz tilim jigar ustiga tuz,

Hajring g‘ami tutdi xasta ko‘nglim sari yuz.

Qo‘rqib yashagan edim mudom hijrondan,

Hayhot, o‘sha ayriliq yetib keldi bu kez…

59

Ko‘yingda meningdek kishi yo‘q bexona,

Nazdingda meningdek kishi yo‘q begona.

Zulfing doriga osishgani bejiz emas —

Ishqingda meningdek kishi yo‘q devona.

60

Ko‘nglim qushi to tushdi g‘aming domiga-yey,

Bo‘ldi u yo‘liqqan kabi tig‘ komiga-yey,

Dunyo qadahin sharbatidan bezorman,

To‘ldi jigarim qoni g‘aming jomiga-yey.

61

Vaqt yetdi, xumorlar asta qo‘zg‘olgaylar,

Yoru mayu soz yonidan joy olgaylar,

O‘tkinchi hayotga qasdma-qasd ul damda

Jom birla qadahga qora qon solgaylar.

62

Yer sochini tutdim: «Ey hayotim naqshi,

O‘nglagil ishim, dilimning farahbaxshi».

Dedi: «Qo‘y-u sochimni, labimni ista,

Bir lahzalik aysh uzun umrdan yaxshi!»

63

Jonon, seni tark aylamak ermas oson,

Zumrad xating qoshida to bermay jon.

Jonimni g‘izosidir u yoqut lablar,

Kelmaydi teng unga ikki yuz ming marjon.

64

Derlarki, behisht eshigiga yetgaymiz,

May — qo‘lda, malak — quchoqda aysh etgaymiz.

Bas, biz mayu ma’shuqni desak, ne bo‘pti?

Ish oqibati shunday ekan, netgaymiz?!

65

Gul baxti juda kulgan ekan gulshanda,

Yig‘laydi bulut, gul-chi, qiladi xanda.

Maqtansa-da ozodligidan harchand sarv,

Tik qaddi bilan bo‘libdi gulga banda.

66

Vaj topadi, kim bodani inkor qiladi:

Shunday tirilar, har kishi qanday o‘ladi!

Bizlar yashadik ma’shuqu may birla mudom,

Bas, hissa: qiyomatda-da shunday bo‘ladi!

67

Sho‘r baxtim agar bo‘lmasa yor, men na qilay?

Ko‘nglimni quvonch aylasa zor, men na qilay?

Ko‘zimning u gavhari edi — tark etdi,

Bu gavhari yo‘q ko‘z endi xor, men na qilay?

68

Qay dam nazaring bu dili g‘amnokka yetar,

Go‘yoki quyosh shu’lasi xoshokka yetar.

So‘z qotma, esam-da gar yo‘ling tuprog‘i,

Ming hayfki, ovvozing agar xokka yetar…

69

Gar ko‘ylagini yechsa u oy yuzli pari —

Motdir bu jahondagi go‘zallarning bari!

Qalbi ko‘rinar ko‘ksida nozikligidan

Sof suvda ko‘ringan kabi tosh zarralari.

70

Shoh taxtida o‘ltirsa-da to‘kib yoshini

Gul zorlanadi: «Ko‘ring bu dunyo ishini:

Gar shuncha kuyar men kabi shaffof xilqat,

Voy, holiga ming voy gunohkor kishining!»

71

Tokaygacha bu elga jafo qilgaysan?

Ozurda ko‘ngillarni yana tilgaysan?

Dil ahli qo‘lida qonsiragan tig‘ bor,

Qoning seni bo‘yningda erur bilgaysan?..

72

Tong yeli, o‘shal suluvga xushtorligim ayt,

Bir ko‘rgali oy yuzini ming zorligim ayt,

Tunlarni shirin uyquda o‘tkazguchi ul —

Beg‘amga qachondan beri bedorligim ayt.

73

Dedimki: «Labing?» Dedi: «Labim — obi hayot».

«Og‘zing-chi?» — dedim. Dedi: «Bu — bir dona nabot».

Dedimki: «So‘zing?» Dediki: «Hofiz aytmish:

«So‘z pirlarini duo bilan aylang yod!»

74

Mardlikni so‘ra fotihidan Xaybarning![12]

Ximmat sirini xojasidan Qambarning![13]

Haq fayzini, Hofiz, tilasang astoydil,

So‘r manbaini soqiysidan Kavsarning!

75

Ey do‘st, g‘anim jafosiga qo‘l silta!

Maydan o‘zga safosiga qo‘l silta!

Haqni bil-u, o‘zingni — bu olam elining

Har yaxshi-yomon bahosiga qo‘l silta!

Ergash Ochilov tarjimalari

Загрузка...