Moviy tog‘larga jo‘nash oldidan Tomas Gomes yolg‘iz benzokolonka yonida to‘xtadi.
— Yolg‘iz zerikmayapsizmi, dadajon? — so‘radi Tomas.
Chol latta bilan uncha katta bo‘lmagan yuk mashinasining oynasini artdi.
— Unchalik emas.
— Xo‘sh, Mars sizga yoqadimi, boboy?
— Zo‘r. Har doim bir yangi narsa bo‘lib turadi. Bultur bu yerga kelganimda dastavval senga aytgan edim: oldinga qarama, hech narsa talab qilma, hech narsaga hayron bo‘lma. Yerni unutish kerak, bo‘lgan hamma gaplarni unutish kerak. Endi ko‘zga qarab yurmasa, ko‘nikib bormasa va bu yerda hamma narsa unaqa emasligini, hamma narsa boshqacha ekanini tushunib bormasa bo‘lmaydi. Bu yerda ob-havo bir xil — bundan ortiq masxaravozlik bo‘ladimi, bu Mars iqlimi emish. Kunduzi do‘zaxi alim, tunda jahannam. Gullari ham g‘alati, yomg‘iri undan g‘alati — har qadamda ko‘z ko‘rib quloq eshitmagan narsalar! Men bu yerga orom olgani kelgan edim, hamma narsa boshqacha bo‘lgan joyda qolgan umrimni o‘tkazaman, deb o‘ylagandim. Keksa odamga bu juda ham muhim — muhitni almashtirish. YOshlarga gapirishning hojati yo‘q, boshqa chollarni esa xudo urib qo‘ygan. Bitta men tavakkal qildim. Tomosha qilib to‘ymaydigan, chor atrofda o‘yin-kulgi avj olgan ko‘nglimdagidek shunday bir g‘alati joyni topishga jazm qildim. Mana, mana bu benzokolonkaga kelib joylashib oldim.
Agar g‘ala-g‘ovur jonimga tegsa, shartta qoramni o‘chiraman-da, bironta eski, tinchroq yo‘lga ko‘chib olaman; kundalik rizqimga pul topsam bo‘ldi-da, undan keyin u yerda hamma narsa Marsda nega bunchalik oyog‘i osmondan ekanini tushunib olishimga vaqtim bo‘ladi.
— Chakki o‘ylamagansiz, dadajon, — dedi Tomas; uning qoracha qo‘llari dam olgancha rul chambari ustida yotardi. Uning kayfiyati a’lo edi. Ketma-ket o‘n kun bir yangi qishloqda ishladi, endi ikki kun ta’til olib, bayramga ketmoqchi bo‘lib turibdi.
— Endi boshqa hech narsaga hayratlanmay ham qo‘yganman, — davom etdi chol, — tomosha qilaman, vassalom. Taassurot to‘playapman desam ham bo‘ladi. Agar senga mana shu Mars yoqmayotgan bo‘lsa, yaxshisi, Yerga qaytib keta qol. Bu yerda hammasi oyog‘i osmondan: tuproq, havo, kanallar, tub odamlar, (to‘g‘ri, men hali ulardan bittasini ham ko‘rganim yo‘q, lekin aytishlaricha, ular allaqaerlarda kezib yurar emishlar), soatlar; mening soatim ham firib bera boshlagan. Bu yerda hatto vaqt ham oyog‘i osmondan. Goho turib-turib bu la’nati sayyorada mendan boshqa bitta ham tirik jon yo‘q, bitta o‘zimman, deb o‘ylab qolaman. Bo‘m-bo‘sh. Gohida esa go‘yo men sakkiz yashar bolakayman. Chillashirman, atrofdagilar esa barchasi otday sog‘lom! Xudo haqqi, bu yer keksa odam uchun bopta joy ekan. Bu yerda mudrash yo‘q ekan, qandaydir baxtli bo‘lib qoldim. Bilasanmi, Mars nima degani? U menga yetmish yil oldin rojdestvoda sovg‘a qilishgan narsani bir chaqaga olmaydi. Bilmadim, bunday narsani sen qo‘lingga olib ko‘rganmikansan: ularning kaleydoskopi emish, ichida billur parchalari, laxtaklar, munchoqlar, har turli mayda-chuyda taqinchoqlar… Ularning orasidan quyoshga qarasang — og‘zing lang ochilib qoladi! Boshdan-oyoq kashta! Ana shunaqa! Mars degani shu bo‘ladi. Agar uni o‘zingdan begona qilishni istamasang, tomosha qilib lazzatlan-u, biron narsa so‘rama. Ey, xudo, bilasanmi, yo‘qmi, mana bu ko‘rib turganing katta yo‘lni marsliklar o‘n olti asr muqaddam yotqizishgan, lekin haligacha shunday turibdi! Bir dollar va ellik tsentni cho‘zib qo‘y-da, oq yo‘l, marhamat, ketaver!
Tomas so‘zsiz jilmaygancha mashinasini eski shossedan uchirib ketdi.
Tog‘lar oralab uzoq yurishdi, qorong‘iliklardan o‘tishdi, u rulni ushlab ketar ekan, ora-sira bir qo‘lini savatga suqib, u yerdan dirildoq olar edi. To‘xtovsiz bir soatdan ko‘proq yelib kelishayotgan bo‘lsa-da, ro‘paradan bitta ham mashina, bitta ham chiroq uchramadi, faqat tasmadek cho‘zilgan yo‘l, motorning tarillashi-yu, g‘uvillashi va atrofni qamrab olgan sokin, unsiz Mars ko‘zga tashlanadi, xolos.
Mars — har doim tinch, bu tun esa har doimgidan ham tinchroq edi. Tomasning ko‘z oldidan cho‘llar, qurib qolgan dengizlar, yulduzlar oralig‘idagi cho‘qqilar lip-lip o‘tar edi.
Bugungi tunda havoda Vaqt hidi anqirdi. Miyasiga kelgan bu fikrdan u xayolan jilmayib qo‘ydi.
Yomon fikr emas. Aslida-chi? Vaqtning hidi qanaqa bo‘ladi? Changmi, soatmi, odammi? Bundoq o‘ylab ko‘rganda bu vaqt degani o‘zi qanaqa bo‘ladi? Eshitsa bo‘ladimi? U bir qarasang zim-ziyo mag‘orada shildirab tushayotgan suv, bir qarasang chorlayotgan tovush, bir qarasang bo‘sh quti qopqog‘iga to‘kilayotgan tuproqning shuvullashi, bir qarasang yomg‘ir. Qani, yuraveraylik-chi, vaqtning qanday ko‘rinishini so‘rab olarmiz. U qop-qorong‘i quduqqa tovushsiz uchib tushayotgan qorning o‘zginasi yoki xuddi pastga, hech narsaning ichiga tushayotgan, yangi yil sharlariga o‘xshagan yuz milliardlab chehralar suvratga olingan qadimiy tovushsiz film. Vaqtning hidi ana shunaqa bo‘ladi va uning ko‘rinishi hamda quloqqa eshitilishi ham xuddi shunaqa bo‘ladi. Bugungi tunda — Tomas bir qo‘lini yon darchadan chiqardi, — bugungi tunda uni hatto qo‘l bilan paypaslab ko‘rsa ham bo‘ladigandek tuyulayapti.
U mashinani Vaqt tog‘lari ichidan haydab borardi. Nimadir bo‘yniga qadaldi va Tomas diqqat bilan oldinga qaragancha, gavdasini tikladi.
U bir mo‘‘jazgina o‘lik mars shaharchasiga kirib keldi, motorni o‘chirdi va uni qurshab turgan sukunat qo‘yniga ko‘zlarini tikdi. Nafasini ichiga yutgancha u kabina ichidan oy nuriga cho‘milgan, necha asrlarki, hech kim yashamayotgan oppoq binolarga razm soldi. Hashamatli, to‘kis binolar, vayron bo‘lgan esa-da, baribir muhtasham edi.
Motorni o‘t oldirib, Tomas yana bir-ikki mil yurdi, so‘ng yana to‘xtadi, mashinadan chiqdi, qo‘lida korzinkasi bilan chang bosgan shaharga nazar solish mumkin bo‘lgan tepalik ustiga ko‘tarildi.
Termosni ochdi va o‘ziga bir finjon qahva quydi. Shundoq yonginasidan tun qushi uchib o‘tdi. Uning yuragi hayratomuz darajada tinch, xotirjam edi.
Besh daqiqacha o‘tgach, Tomasning qulog‘iga qandaydir tovush chalindi. Qadimgi tosh yo‘l muyulishida ko‘zdan yo‘qolgan huv tepalikda u allaqanday harakatni payqadi, xiragina yog‘du ko‘rindi, so‘ng zaif tarillagan ovoz eshitildi. Tomas finjonni qo‘lida ushlagancha orqasiga o‘girildi. Tog‘dan g‘alati bir narsa tushib kelardi. Bu sarg‘ish-yashil hasharotga, xonqiziga o‘xshagan mashina edi, u sonsiz yashil billurdek jimirlagancha, yoqut ko‘zlarini chaqnatib muzdek havoda ravon yurib kelar edi.
Mashinaning oltita oyog‘i qadimgi tosh yo‘lda shivalayotgan yomg‘irdek mayin aylanardi. Mashina orqasidan esa Tomasga eritilgan oltin tusli ko‘zlari bilan bir marslik qarab turardi.
Tomas qo‘lini ko‘tardi va xayolan: “Salom!” deb qichqirdi, biroq lablari qimirlamadi. Chunki bu marslik edi. Biroq Tomas qirg‘oqlarida notanish odamlar yurgan moviy daryolarda, Yerda suzar, yot uylarda yot odamlar bilan ovqatlanar va har doim uning eng yaxshi ko‘rgan quroli tabassum bo‘lar edi. U yonida to‘pponcha olib yurmasdi. Hozir ham Tomas garchand yuragining bir chetida vahima yashirinib turgan bo‘lsa-da, bunga hojat sezmayotgan edi.
Marslikning ham qo‘lida hech narsa yo‘q edi. Muzdek havo orasidan ular bir-biriga bir soniyacha qarab turishdi.
Birinchi bo‘lib Tomas so‘z qotdi.
— Salom! — dedi u.
— Salom! — dedi marslik o‘zining tilida.
Ular bir-birini tushunishmadi.
— Siz “Salom” dedingizmi? — ikkalasi baravariga so‘radi.
— Nima dedingiz? — davom etishdi ular har qaysi o‘zining tilida.
Ikkalasi ham qovog‘ini uyib oldi.
— Siz kimsiz? — so‘radi Tomas inglizchalab.
— Siz bu yerda nima qilayapsiz? — anovining lablari marslikcha qimirlab dedi.
— Qayoqqa ketayapsiz? — so‘radi har ikkalasi jiddiy tarzda.
— Mening ismim Tomas Gomes.
— Mening ismim Myu Ka.
Ulardan birontasi ham narigisini tushungani yo‘q, biroq har biri barmog‘i bilan o‘zining ko‘ksiga nuqidi va ikkalasining ham gapi bir-biriga tushunarli bo‘ldi.
Birdan marslik kulib yubordi.
— Shoshmang!
Tomas, garchand unga hech kim tegmagan bo‘lsa-da, boshiga nimadir tekkandek bo‘ldi.
— Mana shunaqa! — dedi marslik inglizchalab. — Endi ishlar jo‘nashib ketadi.
— Siz mening tilimni shuncha tez o‘rganib oldingizmi?
— Sizni qarang-u!
Ikkalasi ham nima deyishini bilmay, Tomasning qo‘lidagi qaynoq qahvali finjonga qarashdi.
— Biron yangi gap bormi? — so‘radi marslik unga va finjonga qaragancha, aftidan, u uni ham, buni ham o‘zicha tasavvur qilib.
— Bir finjon qahva ichasizmi? — taklif qildi Tomas.
— Katta rahmat.
Marslik o‘z mashinasidan sirg‘alib chiqdi.
Ikkinchi finjonga to‘ldirib qaynoq qahva quyildi. Tomas uni marslikka uzatdi.
Ularning qo‘llari to‘qnashdi va xuddi tuman orasidan o‘tgandek birining qo‘li ikkinchisining ichiga kirdi.
— Yo Iso Masih! — deb yubordi Tomas va finjon qo‘lidan tushib ketdi.
— Osmon kuchlari! — dedi marslik o‘zining tilida.
— Nimalar bo‘lganini ko‘rgandirsiz? — shivirlab deyishdi ular.
Ikkalasining ham qo‘rquvdan badanidan muzdek ter chiqib ketdi.
Marslik finjonga egildi, biroq uni hech ololmasdi.
— Yo tavba! — oh tortib yubordi Tomas.
— Qani, qani! — marslik finjonni tutish uchun qayta-qayta urindi, biroq hech uddalay olmadi. U qaddini rostladi, birpas o‘ylab turdi, keyin kamaridan pichoqni sug‘urib oldi.
— Hoy! — qichqirdi Tomas.
— Siz tushunmadingiz, ushlab oling! — dedi marslik va pichog‘ini otdi.
Tomas bir-biriga juftlashgan kaftlarini tutib berdi. Pichoq qo‘llarining orasidan yerga tushdi. Tomas uni yerdan olmoqchi bo‘ldi, biroq uni tuta olmadi va titrab-qaqshagancha orqaga tisarildi.
U gavdasini osmonga tutib turgan marslikka qaradi.
— Yulduzlar! — dedi Tomas.
— Yulduzlar! — takrorladi marslik Tomasga qarab.
Marslikning gavdasi orqasidan yorqin, oppoq yulduzlar charaqlab turardi, uning vujudi bamisoli uchqunlar sachrab turgan qirovli nafis meduza qobig‘idek yulduzlar bilan bezatilgandi. Marslikning ko‘kragi va qorni ustida siyohrang ko‘zlardek yulduzlar jimirlar, bilaklarida javohirot yalt-yalt qilardi.
— Men sizning gavdangizdan naryoqni ko‘rib turibman! — dedi Tomas.
— Men ham sizning gavdangizdan naryoqni ko‘rayapman! — javob berdi marslik bir qadam ortga chekinib.
Tomas o‘zini paypaslab ko‘rdi, o‘z tanasining haqiqiy issiqligini his qildi va ko‘ngli xotirjam bo‘ldi.
“Hammasi joyida, — o‘yladi u, — men yashayapman”.
Marslik qo‘li bilan o‘zining burni, labini turtib ko‘rdi.
— Men ham jismsiz emasman, — past ovozda dedi u. — Jonim bor!
Tomas unga ma’nodor qaradi.
— Ammo agar men yashayotgan bo‘lsam, demak siz — o‘liksiz.
— Yo‘q, siz o‘liksiz!
— Ro‘yo!
— Arvoh!
Ular barmoqlari bilan bir-birlarini ko‘rsatishar va yulduz nuri xuddi xanjar damidek, xuddi muz sumalakdek, xuddi tillaqo‘ng‘izdek ularning qo‘llari uchida chaqnar va to‘kilardi. Ular yana o‘z tuyg‘ularini tekshirib ko‘rishdi va har biri o‘zining to‘rt muchasi soppa-sog‘ligiga va hayajon, jo‘shqinlik, ehtiros, hayrat bilan chulg‘anganiga amin bo‘ldi, har biri narigisini olisdagi olamlar yog‘dusini tutib oluvchi va o‘zidan taratuvchi shaffof prizma, bor bo‘lmagan narsa deb bilar edi…
“Men mastman, — dedi o‘zicha Tomas. — Ertaga men bu haqda hech kimga churq etmayman!”
Ular qadimgi tosh yo‘l ustida turishardi va har ikkalasi ham joyidan jilmasdi.
— Qaerdan kelgansiz? — so‘radi nihoyat marslik.
— Yerdan.
— U nima degani?
— U yoqdan. — Tomas bosh irg‘ab osmonga ishora qildi.
— Qachondan beri?
— Biz bir yil avval uchib kelgan edik, nahotki esingizda bo‘lmasa?
— Yo‘q.
— Sizlar esa bu vaqtga kelib tugab-bitgandingiz. Qariyb bitta qolmay. Sizlardan juda kam qolgan — nahotki shuni ham bilmasangiz?
— Bu to‘g‘ri emas.
— Men sizga aytayapman-ku, tugab-bitgansizlar, deb. Jasadlarni o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim.
Xonalarda, barcha uylarda qoraygan jasadlar yotibdi va hammasi o‘lik. Minglab jasad.
— Nimalar deyapsiz, bizlar tirikmiz!
— Mister, barchangizni yuqumli kasallik qirib yuborgan. Qiziq, nahotki bundan bexabarsiz? Siz bir balo qilib jon saqlab qolgansiz.
— Men jon saqlab qolganim yo‘q, qanday qilib ham jon saqlab qolar edim? Nimalar deyayotganingizni bilasizmi o‘zi? Men Enial tog‘lari yonidagi kanal yoqalab bayramga ketayotgan edim, o‘tgan kungi tunda o‘sha yerda bo‘lgan edim. Siz shaharni ko‘rmayapsizmi? — Marslik qo‘lini cho‘zib ko‘rsatdi.
Tomas o‘sha yoqqa qaradi va xarobalarni ko‘rdi.
— Axir bu shahar ko‘p ming yillardan buyon o‘lik-ku!
Marslik qah-qah urib kulib yubordi.
— O’lik? Men u yerda kecha tunadim-ku!
— Men esa o‘tgan hafta o‘sha yerdan o‘tdim, undan oldingi haftada ham, ko‘rgan narsam esa xarobalardan boshqa narsa emas! Vayron bo‘lgan ustunlarni ko‘rayapsizmi?
— Vayron bo‘lgan? Men ularni oy nurida yaqqol ko‘rib turibman. To‘g‘ri, tippa-tik ustunlar.
— Ko‘chalarda changdan boshqa hech narsa yo‘q, — dedi Tomas.
— Ko‘chalar top-toza!
— Kanallar allaqachon qurib qolgan, ular bo‘m-bo‘sh.
— Musallasga limmo-lim kanallar!
— Shahar o‘lik.
— Shahar tirik! — e’tiroz bildirdi marslik yana ham qattiqroq kulib. — Siz qattiq yanglishayapsiz. U yerda qancha karnaval chiroqlari borligini ko‘rayapsizmi? U yerda ayollardek nafis, chiroyli qayiqchalar, qayiqchalardek chiroyli, nafis ayollar, badani qum rangiga o‘xshagan ayollar, qo‘llarida yal-yal gullar tutgan ayollar bor. Men ularni hov anavi yerda ko‘chalar bo‘ylab, bu yerdan ipdek ingichka bo‘lib ko‘rinuvchi ko‘chalar bo‘ylab chopishayotganini ko‘rib turibman, ha, ko‘rib turibman.
Men xuddi o‘sha yerga borayapman, bayramga, biz tun bo‘yi kanalda suzamiz, qo‘shiq aytamiz, ichamiz, sevishamiz. Nahotki siz hech narsani ko‘rmayapsiz?
— Mister, bu oftobda qoqlangan kaltakesakka o‘xshash o‘lik shahar. Odamlarimizning istagan biridan so‘rab ko‘ring. Menga kelsak, Grin-Sitiga — Illinoys tosh yo‘lidagi manzilgohga ketayapman, biz uni yaqinginada barpo etdik. Siz nimadadir yanglishayapsiz. Biz bu yerga Origon o‘rmonlaridan eng a’lo sifatli taxtalardan million kvadrat fut, eng yaxshi po‘lat mixlardan bir necha o‘nlab tonna keltirdik va shunday ajoyib manzilgoh barpo etdikki, qarab to‘ymaysan, kishi. Ayni bugun shulardan birini yuvayapmiz. Yerdan xotinlarimiz va qayliqlarimizni olib, ikkita raketa uchib kelayapti. Xalq o‘yinlari o‘ynaladi, viskilar ichiladi…
Marslik hushyor tortdi.
— Anovi tomonda deyapsizmi?
— Ha, raketalar turgan joyda! — Tomas uni tepalik chekkasiga olib keldi-da, pastga ishora qildi; — Ko‘rayapsizmi?
— Yo‘q.
— Hov ana-ku, hov ana, jin ursin! Uzun-uzun, kumush rang narsalar.
— Ko‘rmayapman.
Endi Tomas kulib yubordi.
— Ko‘zingiz qamashayapti!
— Mening ko‘zim zo‘r ko‘radi. Siz ko‘rmayapsiz.
— Bo‘pti, bo‘pti, yangi manzilgohni-chi, ko‘rayapsizmi? Yoki buni ham ko‘rmayapsizmi?
— Okeandan boshqa hech narsani ko‘rmayapman — buni ustiga, hozir ayni suv qaytishi payti.
— Hurmatli janob, bu okean qirq asr muqaddam bug‘lanib ketgan.
— E, juda oshirib yubordingiz.
— Lekin bu haqiqat, xudo haqqi!
Marslikning yuzi juda ham jiddiy tus oldi.
— Shoshmang. Siz rostdan ham shaharni ko‘rmayapsizmi? Men aytgan shaharni-ya? Oppoq ustunlar, silliq qayiqlar, bayram chiroqlari — men ularni aniq ko‘rib turibman-ku! Quloq soling-a! Men hatto u yerda qanaqa qo‘shiqlar aytishayotganini ham eshitayapman. Axir oradagi masofa uzoq emas-ku!
Tomas quloq soldi-da, boshini chayqadi.
— Yo‘q!
— Men esa, — davom etdi marslik, — siz tasvirlayotgan narsani ko‘rmayapman. Nega bundoq ekan-a?..
Ular yana sovqotgandek asta junjikib qo‘yishdi, xuddi ularning badanlariga muzdek ninalar kelib sanchilgandek bo‘ldi.
— Balki?…
— Nima?
— Siz “osmondan” dedingizmi?
— Yerdan.
— Yer — nom, quruq tovush… — dedi marslik. — Ammo… bir soat burun men dovondan o‘tib kelayotganimda… — U ensasiga qo‘lini tekkazdi. — Bir narsani sezdim.
— Sovuqnimi?
— Ha.
— Hozir hammi?
— Ha, yana sovuq. Chiroqqa, tog‘larga, yo‘lga bir narsa bo‘lgandek edi, qandaydir g‘alati narsa.
Chiroq ham, yo‘l ham go‘yo undek emasdek, shunda vujudimda bir lahza shunday tuyg‘u paydo bo‘ldiki, go‘yo men koinotdagi eng so‘nggi tirik jonman…
— Menda ham shunday bo‘lgan edi! — dedi Tomas hayajon ichida; u go‘yo yuragidagi sirni ishonib, qiyomatlik do‘sti bilan suhbatlashayotgandek edi.
Marslik ko‘zlarini yumdi va yana ochdi.
— Buni faqat bir narsa bilan izohlash mumkin. Hamma gap Vaqtda. Ha, ha. Siz O’tmishning xilqatisiz!
— Yo‘q, siz O’tmishning xilqatisiz, — dedi yerlik biroz o‘ylanib turib.
— Juda dangal gapirasiz-a! Hali kim O’tmishdan-u, kim Kelajakdan ekanligini isbotlab ham berarsiz? Hozir qaysi yil?
— Ikki ming ikkinchi yil!
— Buni qanday tushunsam bo‘ladi? — Tomas o‘ylanib turdi-da, yelka uchirib qo‘ydi.
— Hech qanday.
— Baribir, men sizga aytsam, bizning yilnomamizga ko‘ra hozir 4 462 853 yil. So‘zlar cho‘t emas, cho‘t emasga ham arzimaydigan darajada! Bizlar yulduzlar holatini aniqlaydigan soat qani?
— Xarobalarning o‘zi tayyor isbot-ku! Ular mening Kelajak ekanimni aytib turibdi. Men tirikman. Siz esa o‘liksiz!
— Mening butun borlig‘im bunday imkoniyatni rad etadi. Mening yuragim urib turibdi, oshqozonim ovqat ber deyapti, chanqoqdan tilim qaqrab ketayapti. Yo‘q, bizlardan hech birimiz na o‘likmiz, na tirik. Darvoqe, o‘likdan ko‘ra ko‘proq tirikmiz. Yana ham to‘g‘rirog‘i, biz o‘rtada qolgandekmiz. Mana: tunda yo‘lda bir-biriga duch kelib qolgan ikkita musofir, har biri o‘z yo‘lidan ketayotgan ikki notanish odam. Siz xarobalar dedingizmi?
— Ha. Qo‘rqib ketdingizmi? Mayli.
— Kelajakni kim ko‘rishni istaydi? Uni qachondir, kimdir ko‘radimi? Odam O’tmishni ko‘ra olishi mumkin, biroq agar… Siz ustunlar qulab tushdi dedingizmi? Dengiz qurib qolgan, kanallar bo‘m-bo‘sh, qizlar o‘lgan, gullar so‘lgan dedingizmi? — Marslik jim bo‘lib qoldi, biroq keyin yana shahar tomonga qaradi. — Lekin ana ular! Men ularni ko‘rayapman. Menga shuning o‘zi yetarli. Siz nima desangiz deng-u, ular meni kutishayapti.
Xuddi shundayin uzoqda Tomasni raketalar, manzilgohlar, Yerdan kelgan ayollar — barchalari kutar edilar.
— Biz ikkimizning hech qachon moshimiz ochilmaydi, — dedi u.
— Moshimiz ochilmasligiga kelishdik bo‘lmasa, — taklif qildi marslik. — O’tmish, Kelajak — baribir emasmi, faqat biz yashab qolsak bo‘ldi, bizdan keyin bo‘ladigan narsalar, baribir bo‘ladi. — Ertagami, yoki o‘n ming yil keyinmi. Mana bu ehromlar — yuz asrdan keyingi sizning tamadduningiz qoldiqlari emasligini siz qaerdan bilib o‘tiribsiz? Bilmaymiz. Shuning uchun surishtirmay qo‘ya qoling. Ammo tun qisqa. Ana, osmonda bayram mushaklari porladi, qushlar parvoz qildi.
Tomas qo‘lini cho‘zdi. Marslik ham shunday qildi.
Ularning qo‘llari bir-biriga to‘qnashmadi — qo‘llar bir-biriga singib ketdi.
— Biz hali uchrashamiz-a?
— Kim bilsin! Nasib qilsa uchrashib qolarmiz.
— Siz bilan bayramingizda birga bo‘lgim kelayapti.
— Men esa sizning manzilgohingizga borgim, siz aytgan kemani, odamlarni ko‘rgim, nimalar bo‘lganini bir boshdan eshitgim kelayapti.
— Xayr, — dedi Tomas.
— Xayrli tun.
Marslik o‘zining yashil temir ekipajida tog‘ tomon tovushsiz yelib ketdi, yerlik yuk mashinasini burdi-da, teskari tomonga indamay haydab ketdi.
— E xudo, bu qanaqa tush bo‘ldi, — uh tortdi Tomas qo‘lini rul ustiga qo‘ygancha, raketalar, ayollar, o‘tkir viski, Virjiniya raqslari, oldindagi xursandchilik haqida o‘ylarkan…
Tun zim-ziyo edi. Oylar botdi. Faqat bo‘m-bo‘sh tosh yo‘l uzra yulduzlar miltillar edi. Na tiq etgan tovush, na bir mashina, na bir tirik jon, hech nima yo‘q edi. Muzdek zim-ziyo tun bo‘yi shunday hol hukm surdi.