Fevral 1999 ILLA

Ular Mars sayyorasida, billur ustunli uyda qurib qolgan dengiz sohilida yashar edilar va har kuni erta bilan missis K.ning billur devorlardan yetilib chiqqan oltin mevalarni yeyayotganini yoki qaynoq shamol axlatlar bilan birgalikda uchirib kelgan ohanrabo changini hovuchlab sochgancha o‘sha yerlarni tozalayotganini ko‘rish mumkin edi. Kechga yaqin qadimiy dengiz harakatsiz va qaynoq holga kelgan bir paytda hovlidagi anjir daraxtlari qilt etmay qolar edi va ko‘hna Mars shaharchasi yop-yolg‘iz so‘ppayib turar edi, hech kim ko‘chaga chiqmas, mister K.ni esa o‘z xonasida bo‘rtiq ierogliflarni arfa torlari kabi barmoqlari bilan chertgancha ma’dan kitobni o‘qiyotganini ko‘rish mumkin edi. Uning qo‘l ostida kitob qo‘shiq kuylardi, kuylovchi qadimiy tovush dengiz o‘zining qirmizi tumani bilan sohillarni qoplab olgan va qadimiy odamlar ma’dan nayza va elektr to‘rlari bilan qurollanib, jangga ketayotgan odamlar haqida rivoyat qilardi.

Mister va missis K. yigirma yil o‘lik dengiz sohilida yashashdi va ularning otalari va bobolari ham, mana, o‘n asrdirki, gulga o‘xshab quyosh tomonga yuz burib aylanib turgan mana shu uyda istiqomat qilib kelgan edilar.

Mister va missis K. hali unchalik keksa emas edilar. Ularning yuzlari chinakam marsliklardek toza, qorachadan kelgan edi. Ko‘zlari oltin tangalardek sap-sariq, ovozlari mayin va yoqimli. Ilgari ular kimyoviy olov bilan suratlar chizishni yaxshi ko‘rar edilar, sharob daraxtlari limmo-lim to‘lib oqqan anhorlarda suzishni yoqtirishardi, keyin esa tonggacha xilvatgina xonada moviy nur taratib turgan portretlar tagida suhbat qurar edilar.

Endi ular unchalik baxtli emas edilar.

O’sha kuni ertalab missis K. xuddi sariq mumdan chaplab yasalgandek, hosilsiz qumlarning uzoq-uzoqlarga taralayotgan jazirama hovuriga quloq tutgancha ustunlar o‘rtasida tik turar edi.

Nimadir sodir bo‘lishi kerak edi.

Ayol kutar edi.

U ana-mana qum ustiga chaqnovchi mo‘‘jizani keltirib bosmoqchi, siqmoqchi va ezib yanchmoqchi bo‘lgan moviy Mars osmonidan ko‘z uzmay qarab turardi.

Ammo hamma narsa o‘sha-o‘sha edi.

Kutaverish joniga tekkach, ayol tumanli ustunlar oralig‘ida u yoqdan-bu yoqqa yura boshladi.

Bo‘g‘otdagi tarnovlardan yomg‘ir jilg‘alanib oqardi, bundan tandirdek qizigan havo biroz salqin tortgandek, uning badanini silagandek bo‘lardi. Jazirama kunlarda bu daryoga tushib cho‘milish bilan baravar edi. Salqin jilg‘alar yerni ho‘l qildi. Erining kitobni tinmay chalayotgani qulog‘iga chalinib turardi; qadimgi ohanglar uning barmoqlariga zarracha ta’sir qilmayotgandek edi.

Ayol xayajonsiz o‘ylardi: qachonlardir xuddi anavi o‘zining kishi aqli yetmas kitoblariga mo‘‘jaz arfaga yopishgandek mahkam yopishib olgan, xuddi ilgari bo‘lganidek, vaqt-soati kelib eri uni ham bag‘riga bosishiga, yuz-ko‘zlarini silab erkalashga vaqt topa olishiga imoni komil edi.

Afsus! Ayol boshini chayqadi, hafsalasi pir bo‘lgandek bilinar-bilinmas yelkalarini uchirib qo‘ydi, oltinrang kiprikli ko‘zlarini asta berkitdi. Nikoh hattoki ilgaridan tanish bo‘lgan yosh yigit-qizlarni ham keksa qilib qo‘yadi…

Ayol o‘rindiqqa cho‘kdi, o‘rindiq bamisoli uning butun vujudini bag‘riga oldi. U asabiy qoshlarini chimirdi va ko‘zlarini yumdi. Ayol tush ko‘ra boshladi. Qoracha barmoqlari titrab ketdi, beixtiyor havoda o‘ynay boshladi. Lahza o‘tib, ayol o‘rindiqda cho‘chib qaddini rostladi va og‘ir-og‘ir nafas ola boshladi.

U xuddi birovni ko‘rmoqchi bo‘lgandek shosha-pisha xonaga razm solib chiqdi. Taajjub: ustunlar oralig‘i bo‘m-bo‘sh edi.

Uchburchak eshikda eri ko‘rindi.

— Sen meni chaqirdingmi? — g‘ijinib so‘radi eri.

— Yo‘q! — deyarli qichqirib javob berdi ayol.

— Menga xuddi qichqirgandek bo‘lib tuyulding.

— Rostdanmi? Men mizg‘ib tush ko‘rayotgan edim.

— Kunduziya? Senda ilgari hech bunaqa bo‘lmasdi-ku.

Ayolning ko‘zlaridan uning o‘zi ham tush ko‘rganidan taajjublangani shundoq ko‘rinib turardi.

— Qiziq, judayam qiziq, — g‘udrandi ayol. — Bu tush…

— Xo‘sh? — eri kitobga qaytib borishga toqatsizlanayotgan edi.

— Tushimga bir erkak kiribdiki…

— Erkak?

— Baland bir erkak. Bo‘yi olti fut bir dyuym1 keladi.

— Bu qanaqasi: butun boshli bir dev, alvasti-ku!

— Nimagadir, — ayol dona-dona qilib so‘zlay boshladi, — u alvastiga o‘xshamasdi. To‘g‘ri, bo‘yi juda baland edi. Uning — eh, bilaman, bu gaplar senga alahsirashga o‘xshaydi — uning ko‘zlari ko‘m-ko‘k edi!

— Ko‘zlari ko‘m-ko‘k edi, — takrorladi mister K. — Ey xudoyim, keyingi gal qanaqa tush ko‘rar ekansan-a?! Hali qop-qora sochli odam ham ko‘rdim dersan.

— Buni qanday bilding? — dedi ayol.

— Shunchaki to‘g‘ri kelgan rangni aytdim-qo‘ydim-da, — quruqqina javob berdi er.

— Ha, sochlari qop-qora! — qichqirib dedi ayol. — Badani esa oppoq. Judayam g‘alati odam!

Egnidagi kiyimlari ham g‘alati, u osmondan inib tushdi-da, men bilan muloyim gaplasha ketdi.

Ayol jilmaydi.

— Osmondan emish. Shu ham gap bo‘ldi-yu.

— U quyoshda charaqlab turgan ma’dan mashinada uchib keldi, — eslay boshladi missis K. U ko‘rganlarini ko‘z oldiga keltirish uchun ko‘zlarini yumdi. — Tushimga osmon kirdi. Shunda bir narsa yalt etdi. Xuddi havoga otilgan tangadek. Keyin u kattalasha boshladi. Kattalashib-kattalashib yerga ravon tushib keldi, — bu uzun kumushrang dumaloq kema, begona kema edi. So‘ng biqindagi eshik ochildi-da, undan baland bo‘yli bir erkak chiqib keldi.

— Ko‘proq ishlaganingda bunday ahmoqona tushlar ko‘rmas eding.

— Menga esa bu juda yoqdi, — javob berdi ayol o‘rindiqqa o‘zini tashlab. — Shunday narsalarni tasavvur qilaman deb hech xayolimga kelmagandi. Qop-qora sochlar, ko‘m-ko‘k ko‘zlar, oppoq badan!

Qanday ajoyib erkak, buning ustiga, juda chiroyli ham.

— Senga shunaqa tuyulgan.

— Voy ichi qora-ey. Men shunday bo‘lishini xohlaganmidim, pinakka ketganimda u o‘zi paydo bo‘lib qoldi. Hatto bu tushga ham o‘xshamaydi. Birdan kutilmaganda, g‘ayri oddiy bir tarzda… U menga qaradi-da: shunday dedi: “Men bu kemada uchinchi sayyoradan uchib keldim. Mening ismim Nataniel Yor…”

— Bema’ni ism, — e’tiroz bildirdi eri. — Bunaqa bo‘lishi mumkin emas.


— Albatta, bema’ni-da, axir bu tush edi-ku, — itoatkorona qo‘shildi ayol. — U yana: «Bu koinot orqali birinchi parvozimiz. Kemada biz ikki kishi edik, men va do‘stim Berg», — dedi.

— Bunisi undan ham bema’niroq ism ekan.

— U shunday dedi: «Biz yerdagi shahardan keldik, sayyoramizning nomi shunaqa», — davom etdi missis K. — Bu uning so‘zlari. Ha, shunday dedi — Yer. Keyin u bizning tilimizda gapirmadi. Lekin men bir amallab uni tushundim. Zehnim-da. Bu telepatiya, albatta.

Mister K. orqasiga o‘girilib, keta boshladi. Biroq xotinining ovozidan u yana to‘xtadi.

— Ill! — asta chaqirdi ayol. — Sen hech uchinchi sayyorada odam bor-yo‘qligi haqida o‘ylab ko‘rganmisan?

— Uchinchi sayyorada hayot bo‘lishi mumkin emas. — Bosiqlik bilan tushuntira boshladi eri. — Olimlarimiz shuni aniqlaganlarki, u yerda havoda kislorod haddan tashqari ko‘p. U yerda odamlar yashaganida qanday zo‘r bo‘lar edi-ya! Qanaqadir g‘alati kemalarda koinotda sayohat qila olishganda nur ustiga nur bo‘lardi.

— Menga qara, Ill, o‘zing yaxshi bilasan, men bunaqa safsatalarni jinimdan yomon ko‘raman.

Undan ko‘ra ishdan gapir.

Ayol yomg‘ir tomchilib turgan ustunlar oralig‘ida odimlab yurganida kech kirib qolgan edi. O’sha-o‘sha kuy, o‘sha-o‘sha ohang.

— Shu ham qo‘shiq bo‘ldi-yu. — Chidayolmay to‘ng‘illadi eri, olov stolga borar ekan.

— Bilmadim.

Ayol beixtiyor go‘sht bo‘laklarini qaynab turgan olovga tashladi.

— Bilmayman. — Ikkinchi lahzada go‘sht pishib tayyor bo‘lgan edi. Ayol uni olov ichidan oldi-da, likopchaga solib eriga tutdi. — Eh, balki bu ko‘nglimga o‘z-o‘zidan kelib qolgan safsatadan boshqa hech narsa emasdir, nimagaligini o‘zim ham bilmayman.

Eri boshqa hech nima demadi. Xotinining go‘shtni vishillab turgan olov halqobi ichiga qanday tashlayotganini tomosha qilib turardi. Quyosh ufq ortiga yashirindi.

Xonaga asta-sekin tun kirib kela boshladi, u ustun va er-xotinni yamlagancha o‘zining tundek qora sharobi bilan xona shiftigacha limmo-lim to‘ldi. Faqat kumushrang olov ularning yuzlarini g‘ira-shira yoritib turardi.

Ayol yana g‘alati qo‘shiqni kuylay boshladi.

Er o‘rnidan sapchib turdi-da, g‘azab bilan eshik tomon yo‘naldi.

Bir ozdan so‘ng er kechlik ovqatni o‘zi tanovul qildi.

Stoldan turdi-da, kerishdi, xotiniga qaradi va esnab turib taklif kiritdi:

— Olov qushlarga minib shaharda bir chigilyozdi qilib kelmaymizmi?

— Jiddiy aytayapsanmi? — so‘radi xotin, — isitmang yo‘qmi?

— Buning nimasiga ajablanasan?

— Axir biz yarim yildan beri hech qayoqqa borganimiz yo‘q-ku?

— Bu ham chakki fikr emas.

O’zidan hayron bo‘lganicha ayol eriga qaradi. Ensasi qotib, qo‘lini og‘ziga olib bordi. Quyosh botmoqda edi. Atrofni qorong‘ilik qoplagan sayin xuddi ulkan gul kabi uy yopilib borar edi. Ustunlar oralig‘ida shabada esdi, olov stolda bir mittigina kumushrang olov ko‘lchasi qaynar edi. Shamol missis K.ning qizg‘ish sochlarini taragancha, uning qulog‘iga nimalaridir shivirlar edi. Oltinrang xira nigohini ufqqa, dengizning oqish-sarg‘ish yuziga tikkancha u jimgina turar edi. Shunda xotirasida qandaydir qo‘shiq satrlari jonlandi:

Nigohimda qadah sunarman,

Ishqingga shul erur javobim,

— deya ayol past va mayin ovozda xirgoyi qila boshladi.

Lablarimdan may simir, jonim,

O’zga maydan gapirma zinhor.

Missis K. takror xirgoyi qildi. Biroq endi so‘zlarsiz, ko‘zlarini yumib kuyladi, qo‘llari esa bamisoli havoda raqs tushar edi. Oxiri u jim bo‘lib qoldi.

Kuy chindan ham ajoyib edi.

— Bu qo‘shiqni endi eshitayapman. Sen o‘zing to‘qidingmi? — jiddiy ohangda so‘radi eri undan, sinovchan boqib.

— Yo‘q… Ha… To‘g‘risi, bilmayman! — Ayol sarosimada edi. — Men so‘zlarini ham bilmayman — allaqanday begona tildagi qo‘shiq edi.

— Qanaqa tilda?

— Bugun quyosh qayoqdan chiqdi?

— Kel endi, — qo‘l siltab dedi er. — Borasanmi-yo‘qmi, shuni ayt.

Ayol oqishtob cho‘lga razm soldi. Ikki oppoq oy ufq ortidan ko‘tarilib chiqdi. Muzdek suv oyoq panjalarini silar edi. Uning badani yengil jimirlab ketdi. Hammadan ham ayol shu yerda qolishni, churq etmay bir joyda jim o‘tirishni xohlar edi, u kuni bilan o‘ylagan narsasining, — sodir bo‘lishi lozim va sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan narsaning amalga oshishini kutmoqda edi… Qo‘shiqning nafis ohangidan yuragi hapriqib ketdi.

— Men…

— Senga yaxshi bo‘ladi, — dedi eri. — Qani, ketdik.

— Men charchadim, — javob berdi xotini, — boshqa safar boramiz.

— Mana bu sharfing, — er unga shisha idishchani tutdi. — Necha oydirki, ikkalamiz hech yerga chiqqanimiz yo‘q.

— Sening haftasiga ikki martadan Ksi-Sitiga qilgan safarlaringni hisobga olmaganda, — dedi u eriga, undan ko‘zini olib qochgancha.

— Ish bor, — dedi eri.

— Ish bor, — shivirladi ayol.

Shisha idishchadan suyuqlik otilib chiqdi. Moviy zulmatga aylandi-da, ayolning bo‘yni atrofidan vishillab aylanib doira yasadi.

Tep-tekis, muzdek qum uzra, xuddi laqqa cho‘g‘dek charaqlab, olov qushlar muntazir edi.

Qushlarga ko‘plab yashil tasmalar bilan bog‘lab qo‘yilgan oppoq chodir tungi shamol epkinidan qappayib hilpirardi.

Illa chodir ostida yotardi, erining buyrug‘i bilan olov ufurgan qushlar tim qora osmonga ko‘tarildi.

Tasmalar taranglashdi, chodir havoda suzib borardi. Qumlar shuvullagancha pastga to‘kildi. Moviy tepaliklar ularning uyini yomg‘irli ustunlarni, qafasdagi gullarni, kuylovchi kitoblarni, yerdagi unsiz, irmoqlarni orqada qoldirgancha shundoq yonginalaridan bir-bir o‘tib borar edi. Ayol eriga qaramasdi.

Erining qushlarga qarab qichqirishlarini eshitib turardi. Qushlar esa tobora ko‘tarilib borar, shu parvozda ular bamisoli laqqa cho‘g‘lardek qip-qizil mushaklarga o‘xshab krinar edi.

Ayol pastda miltirab ko‘rinib turgan qadimgi o‘lik shaharlarga, xuddi suyakdan yasalgan shatranj donalari kabi uylarga qaramasdi, bo‘shliq va ermaklarga limmo-lim qadimgi anhorlar ham uning uchun bir pul edi. Bamisoli oy nuriday porloq mash’al kabi ular qurib qolgan daryolar va suvsiz ko‘llar ustidan uchib o‘tmoqda edilar.

Ayol faqat osmonga qarar edi.

Er nimadir dedi.

Ayolning ko‘zi osmonda.

— Nima deganini eshitdingmi?

— Nimani?

Er qattiq xo‘rsindi.

— Sal hushingni yig‘sang bo‘larmidi…


— O’yga cho‘mib qolibman.

— Tabiatga bunchalik shaydoligingni bilmas ekanman. Bugun ko‘zingni osmondan sira ololmayapsan.

— Osmon juda ham chiroyli.

— Bilasanmi, men nima haqda o‘yladim, — asta davom etdi er, — bugun Xallga telefon qilmaymizmi? Bir haftaga kelyapmiz deb aytamiz. Undan ko‘p emas. To‘g‘rim sizlarnikiga. Moviy tog‘larga borayapmiz, deymiz. Qalay, zo‘r fikrmi?

— Moviy tog‘larga! — Ayol bir qo‘li bilan chodir chekkasidan tutdi-da, eri tomon keskin o‘girildi.

— Bu taklif, xolos.

— Xo‘sh, qachon bormoqchisan? — asabiy so‘radi ayol.

— Yo‘q demasang, ertaga ertalaboq jo‘naymiz, — shoshib javob berdi er. — O’zing bilasan, qancha tez boshlasang, shuncha…

— Axir biz hech qachon bunday erta chiqib ketmagandik-ku?

— Bu yil shu istisno bo‘ladi, — er jilmaydi. — Holatni o‘zgartirib turganga nima yetsin. Osuda, tinch yashash qanday yaxshi. Xullas, o‘zingdan qolar gap yo‘q. Yanglishmasam boshqa rejalaring yo‘qdir, a? Qalay, boramizmi?

Ayol xo‘rsindi, chaynaldi, so‘ng dedi:

— Yo‘q.

— Nima?! — erning ovozidan qushlar cho‘chib tushdi, chodir bir silkindi.

— Yo‘q, — qat’iy dedi ayol, — men bormayman.

Er ayolga qaradi. Masala hal bo‘lgan edi. Ayol orqaga o‘girildi. Qushlar uchishda davom etdi.

Shamol quvgan o‘n ming burchak tezligida. Tongda quyosh billur ustunlar orasidan o‘z nurlarini sochgancha uxlab yotgan Illa ustidagi tumanni haydab yubordi. Tun bo‘yi ayol yumshoq bulut to‘shagi uzra suzgandek yerda parvoz qilib chiqdi. Tuman esa Illa yostiqqa bosh qo‘ygan zahoti devorlardan oqib tushgan edi. Tun bo‘yi ayol mana shu harakatsiz daryo uzra dong qotib uxladi. Endi bulut g‘oyib bo‘lmoqda va nihoyat daryo Illani bedorlik sohilida qoldirgancha uyquni urardi.

Ayol ko‘zini ochdi.

Uning boshida eri turardi. Eri bu yerda bir necha soatdan beri turgandek bo‘lib ko‘rinmoqda edi.

Nimagadir Illa erining ko‘ziga qarashga botinolmayotgandi.

— Yana shu tushni ko‘rdingmi? — dedi u. — Tinmay uyqingda gapiraverib, meni mijja qoqtirmading. Vrachga ko‘rinmasang bo‘lmaydi.

— Menga hech narsa bo‘lgani yo‘q.

— Uyqingda rosa alahsiraganing-chi,

— Shunaqami? — Ayol shoshib turib o‘tirdi.

Xona ichi sovuq edi. Tonggi g‘ira-shira yorug‘likda Illaning qomati namoyon bo‘ldi.

— Nima tush ko‘rding?

Ayol eslashga harakat qilib sukut saqladi.

— Kema. U yana osmondan tushdi, undan baland bo‘yli odam chiqib keldi va men bilan gaplasha boshladi. U bir gapirib o‘n kular, bu esa menga yoqardi.

Mister K. qo‘li bilan ustunni turtdi. Hovur qoplagan iliq suv jilg‘alari xonadagi sovuqni haydab chiqarmoqda edi. Mister K.ning chehrasi ma’nosiz edi.

— Keyin esa, — davom etdi ayol, — Nataniel York ismli bu g‘alati erkak, siz go‘zalsiz dedi va meni o‘pib oldi.

— Xah! — qichqirdi er va orqaga o‘girildi.

— Bu bor-yo‘g‘i tush-ku, — dedi ayol o‘zicha xursand bo‘lib.

— Ahmoqona ayolcha tushlarni so‘zlashni qachon bas qilasan?

— Xuddi bolaga o‘xshaysan-a! — U so‘nggi bir parcha kimyoviy tumanga o‘zini tashladi. Zum o‘tmay ayol asta kulib qo‘ydi.

— Men yana nimanidir eslay boshladim, — Iqror bo‘ldi ayol.


— Xo‘sh, xo‘sh, nima ekan? — qichqirdi er.

— Ill, shunaqangi injiqsanki…

— Bo‘l, gapir, — talab qildi er. — Sen mendan hech narsani sir tutishing mumkin emas.

Er ayolning boshi uzra o‘zining sovuq, tund chehrasi bilan unga qarab turardi.

— Men seni hech qachon bunday holda ko‘rmagandim, — javob berdi Illa, uni ham qo‘rqinch, ham zavq tuyg‘usi qamrab olgandi. — Hech bunaqasi bo‘lmagandi, o‘sha Nataniel York aytdiki… Xullas, u menga aytdiki, meni o‘zining sayyorasiga olib borar ekan. Albatta, bu bo‘lmagan gap.

— Hamma gap shunda-da, bo‘lmagan gap. — Deyarli ovozi boricha qichqirib dedi er. — O’zingni sal naridan turib bir eshitib ko‘rganingda edi: u bilan birga o‘ynaganingni, u bilan gaplashganingni, u bilan qo‘shiq aytganingni, tun bo‘yi shunday qilganingni, ey xudoyim, bir o‘zingga razm solib qaraganingda bormi?

— Ill!

— U qachon qo‘nadi? La’nati kemasida qachon pastga tushib keladi?

— Ill, ovozingni ko‘tarmasang-chi.

— Padariga la’nat bu ovozning! — er g‘azab ichida ayol uzra engashdi. — Manovi sening tushingda… — u ayolning panjasini siqdi. — Kema yashil vodiyga qo‘ngandir-a? Javob ber!

— Ha, vodiyga…

— Bugun kechga yaqin ko‘ngandir-da? — tinib-tinchimayotgandi er.

— Ha, ha, shunaqa bo‘lsa kerak. Lekin bu faqat tush edi, xolos.

— Bo‘pti. — Er jahl bilan uning qo‘lini siltadi. — Yaxshiyamki aldamaysan, tushingda aytgan hamma gaplaringni eshitdim. Har bir so‘zigacha, vodiyni ham, vaqtni ham o‘zing aytding.

Og‘ir-og‘ir nafas olgancha er chaqmoqdan ko‘zi qamashgandek ustunlar oralab yurib ketdi. Asta-sekin uning nafas olishi ravonlashdi. Ayol eridan ko‘z uzmas edi — ishqilib jinni-pinni bo‘lib qolmadimikan? Oxiri ayol o‘rnidan turdi-da, uning oldiga bordi.

— Ill, — shivirladi ayol.

— Hechqisi yo‘q, hechqisi yo‘q…

— Sen kasalsan.

— Yo‘q, — er horg‘in, zo‘r-bazo‘r jilmaydi. — Bolalikdan boshqa hech narsa emas. Meni kechir, azizam. — U ayolni qo‘polgina silab qo‘ydi. — O’zimdan o‘tdi, kechir. Bo‘pti, men borib yotay…

— Juda o‘zingni urintirib qo‘yding.

— Endi hammasi joyida. O’tib ketdi. — Er uh tortib qo‘ydi. — Kel, bularni unutaylik. Ha, men kecha Uell haqida bir latifa eshitgandim. Shuni senga aytib bermoqchi edim. Sen nonushta tayyorlayver, men senga latifani aytib beraman, mana bu haqda esa boshqa gaplashmaymiz.

— Bu bor-yo‘g‘i tush edi, xolos.

— Bo‘lmasa-chi. — Er beixtiyor uning yuzidan o‘pdi. — Bor-yo‘g‘i tush edi, xolos.

Tushga kelib oftob battar kuydira boshladi, tog‘lar bamisoli uning hovurida suzmoqda edi.

— Shaharga bormaysanmi? — so‘radi Illa.

— Shaharga? — er qoshini xiyol ko‘tardi.

— Sen har doim shu kuni ketasan, — ayol taglik ustidagi gullarni to‘g‘riladi. Gullar harakatga kelib, katta-katta sariq og‘izlarini ochdi.

Er kitobni yopdi.

— Yo‘q, haddan tashqari issiq. Buning ustiga, kech bo‘ldi.

— Shunaqa de, — ayol ishni tugatdi-da, eshik tomonga bordi, — men darrov qaytaman.

— To‘xta, qayoqqa?

Ayol eshikka yetib bo‘lgan edi.

— Paoning oldiga. U meni taklif qilgan edi.

— Bugunmi?

— Uni ko‘rmaganimga yuz yil bo‘ldi.

— Uzoq emas-ku. Yashil vodiyda, agar yanglishmasam, shundaymi?


— Ha, qo‘l uzatsa yetadi. Shunday bir… — Ayol toqatsiz edi.

— Meni kechir, — dedi er uning ortidan juda tashvishli qaragancha, — butunlay esimdan chiqibdi: men bugun doktor Nlleni taklif qilgan edim-ku.

— Doktor Nlleni? — ayol eshik tomon yo‘naldi.

Er uni tirsagidan tutdi-da, shahd bilan xonaga qaytarib olib kirdi.

— Ha.

— Pao nima bo‘ladi?

— Pao qochib ketmaydi. Biz Nlleni kutib olishimiz kerak.

— Boramanu, qaytaman.

Er yo‘q degandek boshini chayqadi.

— Ha, yo‘q. Buning ustiga, ularning uyigacha ancha yurish kerak bo‘ladi. Butun yashil vodiydan o‘tib, katta anhor ortida-ya. So‘ng yana pastga qarab ketiladi… Havoniyam ko‘rmaysanmi, yondiraman deydi. Doktor Nlle seni ko‘rib rosa xursand bo‘lardi. Eshitdingmi?

Ayol hech nima deb javob bermadi. U faqat bir balo qilib chiqib ketsa-yu, bu yerdan qochib qolsa — shuni o‘ylardi. Ovozining boricha qichqirishni istardi. Lekin u tuzoqqa tushgandek o‘rindiqda o‘tirar, asta-asta qimirlatayotgan barmoqlaridan ko‘zlarini uzmasdi.

— Illa, — to‘ng‘illadi er. — Hech qaerga ketmaysan, shundaymi?

— Ha, — dedi ayol uzoq sukunatdan so‘ng. — Ketmayman.

— Kun bo‘yi uyda bo‘lasanmi?

Ayol bo‘g‘iq ovozda javob berdi:

— Ha, kun bo‘yi.

Bir necha soat o‘tsa hamki, doktor Nlledan dom-darak yo‘q edi. Aftidan, Illaning eri bundan u qadar taajjubga tushmayotgandi. Kechga yaqin u g‘udrangancha shkaf oldiga bordi-da, undan mudhish qurolni — burma charmli va uchida tepkisi bo‘lgan uzun sarg‘ish naychani oldi. U bu tomonga yuzlandi — uning yuzida kumush ma’dandan yasalgan niqob ifodasi yo‘q edi. Holbuki u o‘z tuyg‘ularini yashirish uchun shu niqobni kiyib olardi. Bu niqob uning ozg‘in yuzi, iyagi, manglayidagi barcha o‘ydim-chuqurlarga judayam mos kelardi. Niqobni kiyib olib, u o‘zining dahshatli qurolini qo‘lida ushlagancha aylantirib tomosha qilardi. Qurol to‘xtovsiz g‘o‘ng‘illardi. Go‘yo u bir daf’ada butun bir oltin asalarilarni sochishga qodir edi. Bu asalarilar o‘zlarining dahshatli nishlari bilan chaqar, zaharlarini solib o‘ldirar, so‘ng go‘yo qum ustiga tushgan urug‘lardek chala o‘lik holda yerga qular edilar.

— Yo‘l bo‘lsin? — so‘radi xotin.

— Nima? — Illa charmlarga, dahshatli g‘o‘ng‘illashga quloq tutdi. — Doktor Nlle shunchalik xayallayaptiki, uni kutgani ortiq toqatim qolmadi. Ov ovlab kelaman. Darrov qaytaman. Sen esa shu yerda bo‘lgin, hech qaerga ketma. Xo‘pmi? — Kumushrang niqob charaqlab ketdi.

— Ha.

— Doktor Nllega aytib qo‘y, men darrov qaytaman. Bor-yo‘g‘i ov qilgim kelib qoldi.

Uchburchak eshik yopildi. Qiyalikdan uning uzoqlayotgan odimlari tovushi eshitilib turdi.

Eri quyosh tomon ketib borar ekan, to u ko‘zdan g‘oyib bo‘lguncha ayol uning ortidan qarab turdi.

So‘ng o‘z yumushlariga unnab ketdi: ohanrabo changlarini tozalash, billur devorlardan yangi mevalarni uzish kerak edi. U tirishqoqlik va shoshqaloqlik bilan ishlar, biroq vaqti-vaqti bilan uni qandaydir jazava chulg‘ar edi. Shunda u o‘zining mana bu g‘alati, sira shuurini tark etmayotgan qo‘shiqni kuylayotgan holda ko‘rar, ko‘zlari esa billur ustunlar ortidan turib osmonga razm solayotgan bo‘lardi.

Ayol nafasini ichiga yutgancha jim kutar edi.

— Ana, kelib qolishdi…

— Hozir boshlanadi.

Shunday kunlar bo‘ladiki, momaqaldiroq yaqinlashib kelayapti, chor atrofda esa chuqur sukunat hukmron. Shu tob bosim sezilar-sezilmas o‘zgaradi — bu sayyora uzra uchib borayotgan yomon ob-havoning nafasi, uning soyasi, shamoli, pardasi. Havo quloqlariga bosim beradi, sen esa yaqinlashib kelayotgan bo‘ronni kutgancha tordek tarang tortilasan. Vujudingni titroq qoplaydi. Osmon rangin, bulutlar quyuqlashadi, tog‘lar cho‘yan rangiga kiradi. Katak-katak gullar ogohlantirgan kuyi asta xo‘rsinadilar. Boshdagi sochlar xiyol qimirlaydi. Uyning allaqaeridagi soat tinimsiz bong uradi: “Vaqt, vaqt, vaqt, vaqt…” Soat ovozi shu qadar mayin eshitiladiki, go‘yo baxmal ustiga tushgan suv tomchisidek.

To‘satdan, momoqaldiroq! Elektr yalt-yult qiladi va osmon uzra qora to‘lqin va momoqaldiroqli bulutning hamma narsani yamlab yuboruvchi mavjlari ustma-ust yopirilib tusha boshlaydi.

Hozir ham shunday bo‘ldi. Garchi osmon ochiq bo‘lsa-da, bo‘ron yaqinlashib kelardi. Garchi bulut bo‘lmasa-da, chaqmoq chaqishi aniq edi.

Illa sukunat hukmron yozgi xonadon xonalari bo‘ylab kezinardi. Har daqiqa osmondan chaqmoq kelib tushishi, havoni gumburlagan ovoz bilan larzaga solishi, to‘p-to‘p bulutlar bosishi mumkin edi.

Jimjitlik, yo‘lakdagi odimlar, billur eshikning qoqilishi — barchasi uni ta’qib etardi va u o‘qday otilgancha ularga peshvoz chiqardi…

“Jinni Illa! — xayolan kinoyali jilmayib qo‘ydi ayol, — sening bu tentak xayolingga nimalar kelmaydi.

Shu tob o‘sha narsa yuz berdi. Jazirama issiq havo xuddi ulkan alanga singari yonidan uchib o‘tdi.

Shiddatli tovush quloqni teshdi. Osmon yorishib, ma’danlar chaqnadi.

Illa beixtiyor qichqirib yubordi.

U ustunlar orasidan yugurib o‘tdi-da, eshikni lang ochib yubordi. Ayol tog‘larga tikildi. Lekin u yerda hech narsa yo‘q edi…

Qiyalikdan pastga otilmoqchi bo‘ldi, biroq va’dasi esiga tushib qoldi. U shu yerda bo‘lishi, hech qayoqqa ketmasligi kerak. Doktor har daqiqada kelib qolishi kerak, agar u bu yerdan ketib qolsa, erining jahli chiqadi.

U tez-tez nafas olgancha va bir qo‘lini oldinga cho‘zgancha eshik oldida to‘xtab qoldi.

Yashil vodiy yastangan joyda nimanidir ko‘rishga harakat qildi, lekin hech narsani ko‘rmadi.

“Jinni! — u xonaga qaytib keldi — bular hammasi bo‘lmag‘ur xayollar, hech narsa bo‘lmagan. Faqat shunchaki qush varaq, shamol yoki anhordagi baliq. O’tirgin-da, o‘zingga kelib ol”.

Ayol o‘tirdi.

O’q tovushi yangradi.

Aniq, baland ayanchli ovoz.

Ayol titrab ketdi.

O’q ovozi uzoqdan kelgan edi. Bir martagina otildi. Tezuchar asalarilarning uzoqdan kelayotgan g‘o‘ng‘illashiga o‘xshash birgina o‘q ovozi. Undan keyin esa yanada aniqroq, sovuqroq, uzoqroqdan kelgan ikkinchi o‘q ovozi yangradi.

Ayol yana titrab ketdi va nimagadir qichqirgancha va bu qichqiriqni bo‘lmaslikka harakat qilgancha sakrab oyoqqa turdi. Xonama-xona o‘qday uchib, eshikka yaqinlashdi va uni yana lang ochib yubordi.

O’q ovozining aks sadosi tobora uzoqlashib borardi…

Oxiri tindi ham.

Ayol bir necha lahza bo‘zday oqargancha hovlida turib qoldi.

Nihoyat, bitta-bitta bosgancha boshini solintirib, u atrofini ustunlar o‘rab olgan xobgohlar aro yurib ketdi. Birma-bir o‘tib borar ekan, uning qo‘llari beixtiyor tarzda narsalarga tegar, lablari titrar edi.

Zulmat quyuqlashib borayotgan sharobxonada u bir o‘zi o‘tirgisi keldi. U kutar edi. Keyin yoqut qadahni oldi-da, uni sharfining uchi bilan ishqalay boshladi.

Bir vaqt uzoqdan qadamlar tovushi, oyoqlar ostida ezilgan mayda qamishlarning chirs-chirs singani qulog‘iga chalindi.

Ayol o‘rnidan turdi. Jimjit xonaning o‘rtasiga borib turib oldi. Qo‘lidagi qadah yerga tushib chil-chil bo‘ldi.


Qadamlar uy oldida jur’atsiz sekinlasha boshladi.

Gapirsinmi? “Kir, kira qolsang-chi”, desinmi?

Ayol oldinga qarab yurdi.

Odimlar endi dahlizdan eshitildi. Qo‘l lo‘kidonni surdi.

Ayol eshikka jilmaydi.

Eshik ochildi. Ayolning yuzidagi tabassum g‘oyib bo‘ldi.

Bu uning eri edi. Kumushrang niqob xira yaraqlardi.

Eri ichkariga kirdi-da, xotiniga birrovgina nazar tashlab qo‘ydi. Keskin harakat bilan g‘ilofni ochdi, ikkita o‘lik asalarini siltab tashladi. Ularning yerga to‘p-to‘p tushganini eshitib, oyog‘i bilan bosib ezg‘iladi va o‘qdan bo‘shagan qurolni xona burchagiga qo‘yib qo‘ydi, Illa engashgancha singan qadah parchalarini to‘plashga behuda urinardi.

— Nima qilding? — so‘radi ayol.

— Hech narsa, — javob berdi er unga orqa o‘girib turarkan. U yuzidan niqobni oldi.

— Miltiqni… qanday otganingni eshitdim. Ikki marta.

— Ov ovladim. Bo‘ldi, shu. Goh-goh xumor qilib turadi. Doktor Nlle kelmadimi?

— Yo‘q.

— Shoshma, shoshmay tur. — U nafrat bilan barmog‘ini qirsillatib qo‘ydi. — E-ha, endi esimga keldi, biz u bilan ertaga kelishib qo‘ygandik-ku. Sira esimda yo‘g‘-a.

Ular stolga o‘tirishdi. Ayol o‘z likopchasiga qarab turardi, biroq ovqatga qo‘l uray demasdi.

— Nima gap? — so‘radi u ko‘zini ko‘tarmasdan, go‘sht bo‘laklarini gurillagan olovga tashlarkan.

— Bilmadim. Ishtaham yo‘q, — javob berdi ayol.

— Nimaga?

— Bilmasam. Shunchaki ishtaham yo‘q.

Shamol bulutlarni hayday boshladi; quyosh botib bo‘lgandi. Xona birdaniga tor, muzdek bo‘lib qoldi.

— Men eslashga harakat qilayapman, — dedi ayol xonadagi jimlikni buzib va erining sovuq chehrasi, oltin ko‘zlariga qarab qo‘ydi.

— Nimani eslamoqchi bo‘lding? — u sharob xo‘plardi.

— Qo‘shiqni. Haligi chiroyli, ajoyib qo‘shiqni. — Ayol ko‘zlarini yumdi va qo‘shiq ayta boshladi, biroq qo‘shiq yaxshi chiqmadi. — Unutibman. Lekin men nimagadir uni unutgim kelmaydi. Uni umrbod esda saqlab qolsam deyman. Go‘yo harakatlar maromi unga yordam berishi mumkin bo‘lgandek, qo‘llarini ravon havoda o‘ynatib qo‘ydi. So‘ng o‘rindiqqa o‘zini tashladi. — Yo‘q, eslolmayapman.

Ayol yig‘lab yubordi.

— Nega yig‘layapsan? — so‘radi er.

— Bilmayman, bilmayman. Hech o‘zimni qo‘lga ololmayapman. Yuragim g‘ash. Negaligini o‘zim ham bilmayman, yig‘layman-u, negaligini bilmayman, lekin yig‘layveraman.

U kaftlari bilan boshini g‘ijimladi, yelkalari titradi.

— Ertagacha hech narsa ko‘rmagandek bo‘lib ketasan, — dedi er.

U eriga qaramadi. Uning nigohlari faqat yaydoq cho‘lga va tim qora osmonga sochilgan yorqin yulduzlarga qadalgandi, uzoqdan esa sovuq shamol va uzun anhorlardagi muzdek suvning shaloplashlari quloqqa chalinardi. Ayol butun vujudi qalt-qalt titragancha ko‘zlarini yumdi.

— Ha, — takrorladi u, — ertagacha hech narsa ko‘rmagandek bo‘lib ketaman.

Загрузка...