Shunaqa bo‘lib qoldi: Osmonda shamol esa boshlaganda, u va uning uncha katta bo‘lmagan oilasi o‘zlarining tosh kulbalarida o‘tirib olar edilar va yonayotgan tarashalarda qo‘llarini isitardilar. Shamol kanallar yuzini mavjlantirar, sal bo‘lmasa, osmondagi yulduzlarni uchirib yuborardi, mister Xeteuey esa, bu shinamlikdan mazza qilib o‘tirardi va xotiniga nimalarnidir gapirardi, xotini ham unga javob berar va u ikkala qizi va o‘g‘liga Yerdagi o‘tgan-ketgan narsalari haqida hikoya qilar edi. Bolalar esa otalarining so‘zlarini o‘zlaricha tushunar edilar.
Katta urushdan keyin yigirma yil o‘tgandi. Mars ulkan qabristonga o‘xshardi. Yer-chi? Unga nima bo‘ldi? Uzoq Mars tunlarida Xeteuey va oilasi ko‘pincha shu haqda mulohaza yuritishardi. Bu tunda quturgan Mars chang-bo‘roni qadimgi shahar ko‘chalaridan uvillagancha va qumga botib ketayotgan yangi plastik devorlarni uchirgancha Mars qabristonlarining pastqam mozorlari ustidan esib o‘tdi.
Nihoyat, bo‘ron tinib, havo ochildi va Xeteuey shamolli osmondagi yashil olovcha — Yerni ko‘rish uchun tashqariga chiqdi. G’ira-shira xona shiftidagi yonib turgan lampochkani o‘ziga yaxshiroq burib olmoqchi bo‘lgandek, u qo‘llarini yuqoriga ko‘tardi. Uzoqlarga o‘lik dengiz tuzlari uzra nigoh soldi.
“Butun sayyorada zog‘ uchmaydi, — o‘yladi u. — Bitta menman. Va ular”. U tosh kulbasi eshigi tomon burildi.
Hozir Yerda nimalar bo‘layotganiykin-a? O’zining o‘ttiz dyumli teleskopidan shuncha qaramasin, shu paytgacha biron-bir o‘zgarish payqamadi. “Agar o‘zimni yaxshi saqlay olsam, — o‘yladi u, — yana yigirma yil yashayman”. Qarabsanki, birontasi paydo bo‘lib qolibdi. Yo o‘lik dengizlar ortidan, yo koinotdan qizil olov rishtasiga bog‘langan raketada kelib turibdi-da.
— Bir aylanib kelay, — qichqirdi u eshikka.
— Yaxshi, — javob berdi xotini.
U xarobalar oralab, shoshmay pastga tushib ketdi.
— “Nyu-Yorkda yasalgan”, — o‘qidi u bir parcha temirda. — Qadimgi Mars shaharlari Yerdan kelgan bunday narsalardan hali ko‘pini ko‘radi…
U moviy tog‘lar oralig‘ida yaqin ellik asrdan buyon turgan Mars qishlog‘i tomonga qaradi.
Uolter xilvat Mars qabristoniga keldi: cho‘l shamoli esib turgan tepalikda uncha katta bo‘lmagan olti qirrali toshlar saf tortgan edi.
Boshini egib, u to‘rtta mozorga, to‘rtta beso‘naqay yog‘och xochga qaradi, ularning har birida nom yozilgan edi. Uning ko‘zlarida yoshdan asar ham yo‘q. Yoshlari allaqachon qurib bitgandi.
— Qilmishim uchun meni kechirasanmi? — so‘radi u xochlarning biridan. — Men juda, juda yolg‘iz edim. O’zing tushunasan-ku, shundaymi?
U tosh kulbasiga qaytdi va ichkariga kirishdan oldin peshonasiga kaftini qo‘yib, yana diqqat bilan osmonni ko‘zdan kechirdi.
— Nuqul kutganing-kutgan, qarashdan boshqa ishing yo‘qdek, — g‘udrandi u. — Ehtimol, kunlarning birida — tunda…
Osmonda qizil olov yondi.
Eshikdan tushayotgan yorug‘lik xalaqit bermasligi uchun u bir tomonga odimladi.
— Yana bir qaraganingda… — shivirladi u.
Qizil olov o‘sha joyda yonib turardi.
— Kecha kechqurun u yo‘q edi, — dedi Xeteuey.
U qoqilib, yiqilib tushdi, so‘ng oyoqqa turdi-da, kulba ortiga yugurib o‘tdi, teleskopini ochib, uni osmonga to‘g‘riladi.
Uzoq vaqt osmonga ko‘zini qisib qarab turgandan keyin — bir daqiqa o‘tgach, u uyining pastak eshigi tagida paydo bo‘ldi. Xotini, ikkala qizi va o‘g‘li unga o‘girilishdi. Uning ha deganda tili kalimaga kelavermasdi.
— Xushxabar olib keldim, — dedi u. — Men osmonga qarab turgan edim. Bu yoqqa raketa uchib kelayapti, u bizlarning hammamizni uyga olib ketadi. Erta tongda shu yerda bo‘ladi.
U qo‘lini stolga qo‘ydi, boshini kaftlari orasiga olib, yig‘lab yubordi.
U Nyu-Nyu-Yorkdan nima qolgan bo‘lsa, hammasini yoqib yubordi.
Mash’alani oldi-da, plastikdan yasalgan shu shaharga qarab ketdi va alanga bilan o‘tgan joyidagi barcha devorlarni turtib-turtib keta boshladi. Shahar nur va jaziramaning qudratli quyunidan yashnab ketdi. U bir kvadrat mil kenglikdagi gulxanga aylandi.
— Bunaqasini koinotda ko‘rish mumkin, xolos. Bu mash’al raketani mister Xeteuey va oilasi huzuriga olib keladi.
U uyiga qaytib keldi; yuragi tez-tez va og‘riqli urar edi.
— Ko‘rayapsizmi? — u baland ko‘tarilgan qo‘lida chang bosgan shishani ushlab olgandi. — Men mana bu sharobni ataylab mana shu tun uchun asrab qo‘ygandim. Vaqt-soati bilan kimdir bizni topib olishini bilar edim! Shu quvonchli on uchun ko‘taraylik!
U beshta qadahni to‘ldirdi.
— Ha, ozmuncha vaqt o‘tmadi… — O’z qadahiga ko‘zlarini tikib qaragancha, yana gap qotdi u. — Urush boshlangan kun esingizdami? Yigirma yil va yetti oy muqaddam. Barcha raketalarni Marsdan uyga chaqirib olingandi. Sem, men va bolalar esa barchamiz bu vaqtda tog‘da edik, qadimshunoslik bilan mashg‘ul edik, marsliklarning qadimgi jarrohligini o‘rganayotgan edik. Biz otlarni o‘lgudek qilib choptirganimiz esingdami? Baribir ham rosa bir haftaga kechikkan edik. Shahar huvillab qolgandi.
Amerika dabdala bo‘lgandi, qolganlarni kutib ham o‘tirmay, raketalar bitta qolmay ketib qolgani esingdami, a, esingdami? Keyin qarasakki, qolganlar faqat biz bo‘lgan ekanmiz, esingdami? Ey, xudoyim, qancha yillar o‘tibdi-ya! Sizlarsiz men chiday olmasdim. Sizlarsiz men o‘zimni o‘ldirib qo‘ygan bo‘lardim. Sizlar tufayli shuncha kutishga chidab keldim. Keling, sizlar uchun ichaylik. — U qadahni ko‘tardi. — Bizning uzoq muddatli kutganimiz uchun ichaylik.
U sharobni sipqordi, xotini, ikkala qizi va o‘g‘li qadahlarni lablariga olib borishdi. Sharob to‘rttalovining ham iyaklari tagidan jildirab oqib tusha boshladi.
Tongga yaqin shahardan qolgan hamma narsani shamol katta-katta yumshoq qora laxtaklarga aylantirib, dengiz tubi bo‘ylab sochib yubordi. Yong‘in o‘chdi, biroq maqsadga erishilgan edi.
Osmondagi qizil dog‘ kattalasha boshladi.
Tosh kulba ichida qovurilgan zanjabil kulchasining totli hidi tarala boshladi. Xeteuey kirib kelganida xotini stol ustiga yangi nonli qaynoq qolipni qo‘ymoqda edi. Qizlari qattiq supurgi bilan yalang‘och tosh-polni hafsala bilan supurar, o‘g‘li esa, kumush idishlarni yuvar edi.
— Biz ularga shohona nonushta tayyorlaymiz; — Xeteuey shodon kuldi. — Eng a’lo liboslaringizni kiyib olinglar! U shoshib tomorqasidan ulkan temir saroy tomon o‘tdi. Bu yerda muzlatgich va uncha katta bo‘lmagan elektrostantsiya bo‘lib, ularni shu yaqin yillarda ta’mirdan chiqargan va bo‘sh vaqtlarida soatlarni, telefonlarni, magnitofonlarni mohirona ta’mirlagan ingichka, qaltiroq barmoqlari bilan hammasini joy-joyiga qo‘yib chiqqan edi. Saroyda u yaratgan talay buyumlar qalashib yotardi, jumladan nima ish qilishini hatto o‘zi ham bilmaydigan, mutlaqo g‘alati uskunalar ham bor edi.
U muzlatgich ichidan dukkakli donlar va yigirma yil avvalgi qulupnay solingan qirov bosgan oppoq qutilarni oldi. “Bu yoqqa chiq, badbaxt”, — dedi-da, muzlagan jo‘jani sug‘urdi.
Raketa qo‘nganda havoni har xil pazandalik taomlar hidi tutib ketgandi.
Xuddi yosh boladek Xeteuey nishablikdan pastga qarab chopdi. Ko‘kragida qattiq og‘riq sezib, u taqqa to‘xtadi. Narigi toshga borib o‘tirdi va endi nafasini rostlashni xayoliga ham keltirmay, olg‘a chopib ketdi.
U cho‘qqa aylangan raketadan ko‘tarilgan qaynoq hovur ichida to‘xtadi. Lyuk ochildi. U yerdan bir odam mo‘raladi.
Xeteuey kaftini peshonasiga qo‘yib, uzoq qarab turdi va oxiri dedi:
— Kapitan Uaylder!
— Kim bu? — so‘radi Uaylder. U pastga sakrab tushdi va cholga qaragancha qotib qoldi. So‘ng qo‘lini uzatdi. — Yopiray, bu Xeteuey-ku.
— Mutlaqo to‘g‘ri, bu menman.
— Xeteuey mening birinchi ekipajimdan, To‘rtinchi ekspeditsiyamdan.
Ular bir-birlariga diqqat bilan razm sola boshlashdi.
— Ko‘rishganimizga ham ancha bo‘ldi, kapitan.
— Juda ko‘p bo‘ldi. Sizni ko‘rganimdan xursandman.
— Men qarib qoldim, — dedi Xeteuey soddadillarcha.
— Men ham endi yosh emasman. Yigirma yil sargardon kezdim: Yupiter, Saturn, Neptun…
— Bo‘lmasa-chi, sizning Marsni mustamlaka qilishingizga xalaqit bermasligingiz uchun unvoningizni ko‘tarishgan deb eshitdim. — Chol atrofga alangladi. — Siz nuqul sayohatlarda bo‘lib, ehtimol, hatto nimalar bo‘lganidan ham bexabardirsiz…
— Aytmasangiz ham bilaman, — javob berdi Uaylder. — Biz Mars atrofini ikki marta aylanib o‘tdik.
Sizdan tashqari Uolder Gripp degan yana bir odamni topoldik, xolos, bu yerdan o‘n ming mil narida.
Uni o‘zimiz bilan olib kelmoqchi bo‘lgan edik, biroq u ko‘nmadi. Biz uchib ketganimizda, u yo‘l o‘rtasida arg‘imchoqda trubka chekib o‘tirardi, orqamizdan qo‘l siltab qoldi. Mars o‘lgan, butunlay o‘lgan, hatto marsliklar ham qolmagan. Yer qalay?
— Sizdan ortiq hech narsa bilmayman. Goh-goh Yer radiosini tutib qolaman, elas-elas eshitiladi.
Lekin har gal qandaydir begona tilda. Men esa chet tillaridan, afsuski, bitta lotin tilini bilaman. Ba’zi so‘zlarni anglab yetaman. Nima bo‘lganda ham Yerning katta qismida odam qirilib ketgan, urush esa hali ham davom etayapti. Siz o‘sha yoqqa uchib ketayapsizmi, komandir?
— Ha. O’zingizdan qolar gap yo‘q, o‘z ko‘zim bilan ko‘rib, ishonsam deyman. Oramizda radio aloqasi yo‘q-da, masofa haddan tashqari katta. U yoqda nima bo‘lishidan qat’i nazar, biz Yerga uchib ketayapmiz.
— Meni ham olib olasizlarmi?
Kapitan bir lahza taraddudlandi.
— E-ha, bo‘lmasa-chi, bu yerda xotiningiz ham bor-a, esimda, esimda. Bizlar, yanglishmasam, yigirma besh yil burun ko‘rishgan edik, to‘g‘rimi? Sizlar Birinchi SHaharni qurganlaringizda, siz xizmatni tashlab, uni o‘zingiz bilan yerdan olib olgan edingiz. Bolalaringiz ham bor edi…
— O’g‘il va ikki qiz…
— Ha, ha, eslayapman. Ular shu yerdami?
— Kulbamizda, hov anovi tepalik ustida. Biz sizlarga ajoyib nonushta tayyorlab qo‘yganmiz, kelasizlarmi?
— Mehmonni atoi xudo deydilar, mister Xeteuey. — Kapitan Uaylder raketa tomonga o‘girildi. — Kemadan tushinglar!
Ular qiyalikdan tepaga qarab borishardi. — Xeteuey va kapitan Uaylder, ularning ortidan yana yigirmata odam, kema ekipaji, ertalabki salqin havodan chuqur-chuqur nafas olar edilar. Quyosh chiqdi, havo ochiq edi.
— Spender esingizdami, kapitan?
— Uni esdan chiqarib bo‘larkanmi?..
— Yilda bir marta uning qabri yonidan o‘tishimga to‘g‘ri keladi. Oxiri go‘yo u xohlagandek bo‘ldi. U bizning bu yerga qo‘nishimizga qarshi edi. Endi hamma bu yerni tashlab ketganidan boshi osmonga yetgan bo‘lsa, ajab emas.
— Anovi-chi… Oti nima edi? Parkxill, Sem Parkxill, unga nima bo‘ladi?
— Sosiskaxona ochib olgan.
— Anovinga o‘xshab-a…
— Bir haftadan keyin esa urush boshlanib qoldi va u Yerga qaytib ketdi. — Xeteuey birdan yuragini changallagancha toshga o‘tirib qoldi. — Kechirasiz. Hayajonlanib ketdim. Shuncha yillar o‘tib, birdan sizni uchratib qolganim. Biroz nafasimni rostlab olay.
Uning yuragi qinidan chiqib ketayotgandek his qilmoqda edi o‘zini. U tomirini ushlab ko‘rdi.
Rasvo…
— Bizda vrach bor, — dedi Uaylder. — Xafa bo‘lmang, Xeteuey, bilaman, siz o‘zingiz vrachsiz, lekin baribir bizning vrach bilan maslahatlashib ko‘ramiz…
Doktorni chaqirishdi.
— Hozir o‘tib ketadi. — Ishonch bilan dedi Xeteuey. — Bu bari kutishdan, hayajondan.
U bo‘g‘ilib, lablari ko‘kardi.
— Bilasizmi, — dedi u vrach uning ko‘kragiga stetoskop qo‘yganida. — Shuncha yillar mobaynida men go‘yo bugungi kun uchun yashagandekman. Endi esa, siz shu yerdaligingizda meni Yerga olib ketgani kelishdi, go‘yo menga shundan boshqa narsa kerak emasdek. Endi men yotib, omonatni topshirsam bo‘laveradi.
— Mang, — doktor unga sariq hapdori berdi. — Bu yerda siz ko‘proq dam olsangiz yaxshi bo‘lardi.
— Keragi yo‘q. Yana bir oz o‘tiraman-da, tamom. Sizlarni ko‘rganimdan shunchalik xursandmanki!
Yangi ovozlarni eshitgandan o‘zimda yo‘qman.
— Dori foyda berayaptimi?
— Zo‘r. Ketdik!
Ular tepalikka ko‘tarilishdi.
— Alisa, qara, kimni olib keldim! — Xeteuey xo‘mraydi va boshini eshikka suqdi. — Alisa, eshitayapsanmi?
Xotini paydo bo‘ldi. Izma-iz baland, xushqomat ikkala qizi chiqib keldi, ularning ortidan yanada novcharoq barvasta o‘g‘li ko‘rindi.
— Alisa, kapitan Uaylder esingdami?
Ayol dudmallandi, xuddi ko‘rsatma kutayotgandek Xeteueyga qaradi, so‘ng jilmaydi.
— Ha, bo‘lmasa-chi, kapitan Uaylder!
— Kechagidek esimizda, missis Xeteuey, biz siz bilan — mening Yupiterga uchib ketishim arafasida siz bilan birga tushlik qilgan edik.
Ayol uning qo‘lini qizg‘in qisib qo‘ydi.
— Qizlarim Margaret va Syuzen. O’g‘lim Jon. Bolalarim, sizlar, albatta, kapitanni unutmagandirsiz?
Qo‘l berib ko‘rishishlar, kulgi, jonli so‘zlashuvlar.
Kapitan Uaylder burnini cho‘zdi.
— Nahotki zanjabil kulchalari pishayotgan bo‘lsa?
— Yeysizmi?
Hamma harakatga tushdi. Ko‘z ochib-yumguncha yig‘ma stollar qo‘yildi. Pechlardan qaynoq taomlar olib chiqildi, likopchalar, kumush idishchalar, kimxob sochiqchalar paydo bo‘ldi. Kapitan Uaylder missis Xeteueyga uzoq qarab qoldi, so‘ng nigohini uning o‘g‘liga va jimgina harakat qilayotgan bo‘ydor qizlariga oldi. Oldidan lip-lip o‘tayotgan kishilarning yuzlariga qarar, yoshlarning silliq qo‘llarining har bir harakatiga razm solar, bitta ham ajin tushmagan nafis chehralardagi bironta ifodani nazardan qochirmasdi. U missis Xeteueyning o‘g‘li olib kelgan stolga o‘tirdi.
— Nechchiga kirdingiz, Jon?
— Yigirma uchga, — javob berdi yigit.
Uaylder sarosimalangancha qo‘llaridagi sanchqi va pichoqni aylantirib, o‘ynardi. U birdan bo‘zdek oqarib ketdi. Yonida o‘tirgan fazogir unga shivirladi:
— Kapitan Uaylder, bu yerda nimadir bo‘layotganga o‘xshaydi.
O’g‘li stollar olib kelgani ketdi.
— Nima demoqchisiz o‘zi, Uilyamson?
— Men 43 ga kirdim, kapitan. Yigirma yil avval men yosh Xeteuey bilan birga o‘qigan edim. Lekin u endigina yigirma uchga kirdim deb aytayapti, lekin bu tashdan qaragandagina shunday. Bular hammasi noto‘g‘ri. U kam deganda 42 ga kirgan. Buning tagida nima gap bor, ser?
— Bilmayman.
— Rangingiz o‘chinqiraganday, ser?
— Tobim yo‘q. Qizimning ham tobi yo‘q.
— Men ularni yigirma yil avval ko‘rganman, ular esa o‘zgarmagan, bitta ham ajin tushmagan.
Sizdan bir narsani minnat qilib so‘rasam bo‘ladimi, Uilyamson? Men sizga bir topshiriq bermoqchiman.
Qayoqqa borishni va nimalarni tekshirishni tushuntirib beraman. Nonushtadan keyin asta juftakni rostlab qolasiz. Sizga bor-yo‘g‘i o‘n daqiqa kerak bo‘ladi. Bu yerdan qo‘l uzatsa yetadi. Biz qo‘nayotganimizda raketadan turib ko‘rgan edik. Iltimos! Bunday jiddiy gapirayotganingizning ma’nosini bilsak bo‘ladimi? — Missis Xeteuey shosha-pisha ularning kosalariga sho‘rva quyib chiqdi. — Bundoq kulib o‘tirsalaring-chi! Yana birgamiz, sayohat tugagan, sizlar deyarlik uydasizlar!
— Ha, ha, bo‘lmasam-chi. — Kapitan Uaylder kuldi. — Siz shunday ajoyibsizki, o‘n gulingizdan bir gulingiz ochilmagandek, missis Xeteuey!
— Eh, bor bo‘ling siz erkaklar!
U ayolning tovusdek yurishlariga qarab turdi. Ayolning yuzlari yal-yal yonar edi, xuddi naqsh olmadek, silliq va qip-qizil. Ayol hazillarga qo‘ng‘iroqdek kulib javob qaytardi, likopchalarga did bilan salat solib chiqdi, harakatlarida zarracha xatolik ko‘zga chalinmasdi. Daroz o‘g‘li va sarvqomat qizlari o‘zlarining xilvatdagi hayoti haqidagi uzoq hikoyalari bilan otasini mot qoldirib, basma-basiga dov tashlashardi va man-man ota bolalarining gapini eshitib, nochor taslim bo‘lardi.
Uilyamson nishablikdan pastga qarab yugurib ketdi.
— U qaerga ketdi? — so‘radi Xeteuey.
— Raketalarni tekshirgani, — javob berdi Uaylder. — Shunaqa, Xeteuey Yupiterda hech balo yo‘q, insonning u yerda qiladigan ishi ham yo‘q. Saturn va Pluton ham shunaqa…
Uaylder o‘z ovozini eshitmay, beixtiyor gapirardi; u faqat bir narsa haqida o‘ylardi: hozir Uilyamson pastga yugurib boradi-da, ko‘p o‘tmay qaytib keladi, tepalikka chiqib, javob olib keladi…
— Rahmat.
Margaret Xeteuey unga bir stakan suv quydi. To‘satdan harakatga kelib, kapitan ayolning yelkasiga qo‘lini qo‘ydi. Ayol bunga hech qanday munosabat bildirmadi. Uning badani issiq va nozik edi.
Kapitan qarshisida o‘tirgan Xeteuey dam-badam jimib qolar va aftini ayanchli bujmaytirgancha ko‘kragini changallar edi, so‘ng yana ma’yus suhbatga quloq solar, har daqiqada Uaylderga achinib qarab qo‘yar, u esa birovlarga bildirmasdan huzur qilib, kulchasini kavshar edi.
Uilyamson qaytib keldi. Kapitan uning yelkasi osha: “Xo‘sh?” deb shivirlamaguncha indamay, sanchqi bilan taomni kavlab o‘tiraverdi.
— Men bu joyni topdim, ser.
— Xo‘sh, xo‘sh?
Uilyamsonning ranggi bo‘zdek oqarib ketgan edi. U nigohini quvnoq ulfatlardan uzmasdi. Qizlari bosiq jilmayib turishar, o‘g‘li allaqanday latifani hikoya qilardi.
Uilyamson dedi:
— Men qabristonga o‘tdim.
— To‘rtta xochni ko‘rdingizmi?
— To‘rtta xochni ko‘rdim, ser. Ular bus-butun turibdi. Xato qilmaslik uchun men ularni yozib oldim.
— U oppoq qog‘ozdagi nomlarni bittama-bitta o‘qiy boshladi: — Alisa, Margaret, Syuzen va Jon Xeteuey. Noma’lum virusdan vafot topganlar. 2007, iyul.
— Rahmat, Uilyamson. — Uaylder ko‘zlarini yumdi.
— O’n to‘qqiz yil avval, ser. — Uilyamsonning qo‘li titrardi.
— Ha.
— Axir bular kimlar?
— Bilmayman.
— Siz o‘zi nima qilmoqchisiz?
— Buni ham bilmayman.
— Boshqalarga aytsak bo‘ladimi?
— Keyinroq. Hech narsa bo‘lmagandek ovqatingizni yeyavering.
— Ortiq bir luqma ham tomog‘imdan o‘tmayapti, ser.
Raketadan keltirilgan sharob bilan qilingan nonushta tugadi. Xeteuey o‘rnidan turdi.
— Sog‘ligingiz uchun. Do‘stlarim bilan yana birga bo‘lishdan xursandman. Xotinim va bolalarim bilan birga bo‘lishdan ham. — Ularsiz bu yerda men tanholikda o‘lib ketgan bo‘lar edim. Ularning astoydil qilgan g‘amxo‘rliklari tufayli men bu yerda jon saqlab qoldim va sizlarni kutib olishga muyassar bo‘ldim.
U qadahni qo‘lida tutgancha o‘z oila a’zolari tomonga o‘girildi. — Ular xijolat ichida unga qarab turar edilar, qadah ko‘tarilganda esa ular butunlay ko‘zlarini yerga tikib olishdi.
Xeteuey oxirigacha sipqordi. Hatto qichqirishga ham ulgurmay, u yuztuban stol ustiga yiqilib tushdi-da, yerga ag‘darildi. Bir qancha odam yugurib keldi, uni to‘g‘rilab yotqizib qo‘yishdi. Vrach egilib, yuragiga quloq soldi. Uaylder vrachning yelkasidan turtdi. U Uaylderga qarab boshini chayqadi.
Uaylder cho‘kkalab o‘tirdi-da, cholning qo‘lidan ushladi.
— Uaylder? — Xeteueyning ovozi bazo‘r eshitilardi. — Men nonushtangizni harom qildim-a?
— Qo‘yavering.
— Men uchun Alisa va bolalar bilan xayrlashib qo‘ying.
— Hozir ularni chaqiray.
— Yo‘q, yo‘q, kerak emas! — Nafasi bo‘g‘ilib shivirladi Xeteuey. — Bular tushunmaydilar. Men ham ularni tushunishlarini istamayman! Kerak emas.
Uaylder itoat qildi.
Xeteuey jon berdi.
Uaylder anchagacha uning oldidan jilmadi. Nihoyat o‘rnidan turdi-da, Xeteueyni qurshab olgan hayajonli odamlar oldidan nari ketdi. U Alisaning oldiga bordi, uning yuziga qarab dedi:
— Nima bo‘lganini bilasizmi?
— Erimga bir narsa bo‘ldimi?
— U hozir jon berdi: yurak. — Uaylder ayolning yuziga razm solib tikilib turardi.
— Juda chakki bo‘libdi, — dedi Alisa.
— Yuragingiz achimayaptimi? — so‘radi Uaylder.
— U bizning qayg‘uga botishimizni istamasdi. U qachondir shunday bo‘lishini bizga oldindan aytib qo‘ygandi va yig‘lamaslikni buyurgandi. Bilasizmi, u hatto bizni yig‘lashga ham o‘rgatmagandi, yig‘lay olishimizni istamasdi. Odam uchun eng yomon narsa yolg‘izlikni anglash, g‘am va ko‘z yoshi qilishni bilish derdi. Shuning uchun biz ko‘z yosh to‘kish va qayg‘u degan narsalarni bilmasligimiz kerak.
Uaylder uning yumshoq, issiq qo‘llariga, chiroyli pardozlangan tirnoqlariga, nozik panjasiga razm soldi. Ingichka, oppoq, uzun bo‘yniga va dono ko‘zlariga qaradi. Oxiri dedi:
— Mister Xeteuey siz va bolalarni ajoyib qilib dunyoga keltirgan.
— Bu so‘zlaringizdan u rosa suyungan bo‘lardi. U bizdan faxrlanardi. Keyin esa hatto bizni dunyoga keltirganini ham unutib yuborgandi. Bizni sevib qolgan, haqiqiy xotini va bolalari deb bilardi. Ma’lum ma’noda o‘zi shunday ham.
— Siz bilan u o‘zini yengil his etardi.
— Ha, yildan-yilga biz birga o‘tirib, suhbatlashar edik. U suhbatlashishni yaxshi ko‘rardi. Tosh kulbamizni va kaminimizni yaxshi ko‘rardi. Shahardagi haqiqiy uyimizga borib joylashsak ham bo‘lardi.
Biroq u bu yerni jonidan yaxshi ko‘rardi, bu yerda u goh jo‘n, goh zamonaviy tarzda hayot kechirishi mumkin bo‘lardi. U menga o‘zining laboratoriyasi va u yerda qilgan har xil narsalari to‘g‘risida so‘zlab berardi. Bu tashlandiq Amerika shahrini u boshdan-oyoq pastdan ovoz kuchaytirgich bilan ta’minlab chiqqandi. Tugmachani bosdi, tamom — hamma joyda chiroqlar yonadi va xuddi unda o‘n ming odam bordek shahar shovqinga to‘lib-toshadi. Samolyotlar, avtomashinalarning guvillashlari, odamlarning g‘ovur-g‘uvurlari eshitiladi. U bo‘lsa o‘tirib olardi-da, sigara tortardi va biz bilan gaplashaverardi, pastdan esa shahar shovqini eshitilib turardi. Goho telefon jiringlab qolardi va tasmaga yozib olingan ovoz mister Xeteueydan turli ilmiy va jarrohlik masalalari bo‘yicha maslahat so‘rardi, u javob qaytarardi. Telefon ovozlari ham, biz ham, shahar shovqini ham, sigara ham — mister Xeteuey ham g‘oyatda baxtli his qilardik o‘zimizni. Uning qo‘lidan faqat birgina narsa kelmasdi — bizni keksaytira ololmasdi. O’zi kun sayin qarib borardi, biz esa o‘sha-o‘sha yosh bo‘lib turaverardik. Ammo menga shunday tuyulardiki, bu uni unchalik bezovta qilmasdi. Hattoki o‘zi shuni xohlardi deb o‘ylardim men.
— Biz uni pastda to‘rtta xoch turgan joydagi qabrga dafn etamiz. Menimcha, bu uning xohishiga javob beradi.
Ayol asta uning panjasiga qo‘l tekkizib qo‘ydi.
— Mening bunga ishonchim komil.
Kapitan ishga kirishib ketdi. Kichkina marosim tepalik etagi tomon yurib ketdi; oila uning ortidan yo‘lga tushdi. Ikki odam Xeteueyni usti yopilgan zambilda ko‘tarib ketdi. Ular tosh kulba yonidan o‘tishdi, so‘ng Xeteuey ko‘p yillar muqaddam o‘z ishini boshlagan saroy yonidan yurib o‘tishdi. Uaylder shu ustaxona eshigi yonida bir oz taraddudlandi. Bu sayyorada xotini va uchala farzandi bilan yashasa-da, — birdaniga seni shamol va jimjitlik bilan tanho qoldirib, ular o‘lib ketishsa, shu ham ish bo‘ldimi? — deb so‘radi u o‘zidan, — bunday ahvolda inson nima qilishi kerak bo‘ladi? U o‘lganlarni qabrga joylashtiradi, xoch qo‘yadi, so‘ng aql va xotira kuchini, qo‘lining chaqqonligini va topqirlikni yordamga chaqirib, ustaxonaga keladi-da, keyinchalik uning xotini, o‘g‘li, qizlari bo‘lgan narsani zarrama-zarra to‘play boshlaydi. Tog‘ tagidan barcha zarur narsalarni topish mumkin bo‘lgan Amerika shahri bo‘lganda, aqli raso odam, har qalay, o‘zi xohlagan narsani yarata oladi-da.
Ularning qadam tovushlarini qum yutib yubormoqda edi. Ular kelganida qabristonda ikki odam allaqachon qabrni kavlab bo‘layozgan edi.
Ular oqshomga yaqin raketa oldiga qaytib kelishdi.
Uilyamson boshini irg‘ab tosh kulbaga ishora qildi.
— Ularni nima qilamiz?
— Bilmadim, — dedi kapitan.
— Balki, ularni o‘chirib qo‘yarsiz.
— O’chirib? — kapitan bir oz taajjublandi. — Bu mening xayolimga ham kelmagan edi.
— Axir siz ularni o‘zingiz bilan olib ketolmaysiz-ku?
— Yo‘q, ularni boshimga uramanmi?
— Nahotki siz ularni shu yerda, qanday bo‘lsa shundayligicha qoldirmoqchi bo‘lsangiz?
Kapitan Uilyamson to‘pponchani uzatdi.
— Agar biror narsa qo‘lingizdan kelsa, siz mendan kuchliroqsiz.
Besh daqiqadan so‘ng Uilyamson boshdan-oyoq terga botgancha kulbadan qaytib keldi.
— Mang, oling to‘pponchangizni. Endi men sizni tushundim. Men ularning oldiga qo‘limda to‘pponcha bilan kirib bordim, qizlardan biri menga jilmaydi. Qolganlari ham. Xotini menga choy tutdi.
Ey xudo, bu borib turgan qotillik bo‘lar edi-ku!
Uaylder bosh irg‘adi.
— Inson bunday mukammal narsani boshqa hech qachon yarata olmaydi. Ular uzoq umr ko‘rish uchun yaratilgan. — O’n, ellik, ikki yuz yil. Ana shunaqa… Ularning yashashga… yashashga bizdan haqlari zig‘ircha kam emas. Mendan ham, har birimizdan ham. — U trubkasidan kulni qoqib tushirdi.
— Mayli, bortga chiqinglar. Parvozda davom etamiz. Bu shahar baribir halok bo‘lgan, u biz uchun yaroqsiz.
Quyosh botdi. Muzdek shamol esdi. Butun ekipaj bortga chiqib olgan edi. Kapitan imillardi.
Uilyamson so‘radi:
— Siz tushib ketishga… e-e, ular bilan xayrlashishga shoshilmayapsizmi? Kapitan Uilyamsonga sovuq qarab qo‘ydi.
— Bu mening ishim.
Uaylder oqshom shamoliga yuzma-yuz tog‘ tomon odimlab ketdi. Fazogirlar uning qorasi kulba devori ichida g‘oyib bo‘lganini ko‘rib turishardi. Ular ayol soyasini ham ko‘rishdi. Ular komandirning ayol qo‘lini siqib qo‘yganini ham ko‘rishdi.